Jahon | 16:10 / 09.08.2021
13140
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda mamlakatning eng boy tadbirkorlaridan biri qidiruvga berildi 

Anatoliy Balushkin qidiruvga berildi. Bu ma'lumot Qozog‘iston Bosh prokuraturasining Huquqiy statistika va maxsus hisoblar qo‘mitasi rasmiy saytida e'lon qilindi. Bu haqda Forbes.kz xabar bermoqda.

Saytda ko‘rsatilishicha, qidiruvga bergan organ Sharqiy Qozog‘iston viloyati bo‘yicha davlat daromadlari departamentidir. Qidiruv sababi: «qidiruvda bo‘lgan shaxs tergovdan yashiringan». 

Anatoliy Balushkin - «Aziya Avto» AJ va «BIPEK Avto Kazaxstan» AJning nazorat qiluvchi aksiyadori. «BIPEK Avto Kazaxstan» tarkibiga «Aziya Avto Kazaxstan» AJning 75 foizi va boshqa kompaniyalar kiradi. «BIPEK Avto – Aziya Avto» kompaniyalar guruhi direktorlar kengashi raisi. U Bauirjan Momisho‘g‘li nomidagi xususiy harbiy muzey asoschisi, Sharqiy Qozog‘iston viloyati viloyat maslahati deputati.

Forbes Kazakhstan ma'lumotlariga ko‘ra, Balushkin Qozog‘istonning eng nufuzli 50 nafar tadbirkori reytingida 37-o‘rinda qayd etilgan. 2021 yilda Qozog‘istonning eng boy ishbilarmonlari reytingida esa 50-pog‘onaga joylashtirilgan. 

2019 yilda Qozog‘istonda «BIPEK Avto» rahbariyati hamda Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar haqida ma'lum bo‘ldi. Rasmiylarga ko‘ra, holding avtomobil kuzovlarini payvandlash, bo‘yash va yig‘ish zavodi qurishni o‘z zimmasiga olgan. Majburiyat muddati 2017 yilning yozida tugagan, lekin zavod ishga tushirilmagan. 

2021 yil 10 mart kuni, Semey shahar hokimligi xabariga ko‘ra, «BIPEK Avto – Aziya avto»ning Sharqiy Qozog‘iston bo‘linmasida ishlovchi 1969 nafar xodim bilan ish beruvchining tashabbusiga muvofiq mehnat shartnomasi bekor qilingan. Keyinchalik ishchilarning bir qismi boshqa korxonalarga ishga joylashgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid