09:52 / 15.08.2021
8358

2021 yilda Samarqand shahrining yettita hududida «snos» ishlari olib borilayotgani ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

2021 yilda Samarqand shahrining yettita hududida «snos» ishlari olib borilmoqda. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand shahrida ko‘plab qurilishlar rejalashtirilgan. Shahar hokimligi axborot xizmati shaharning qaysi hududlarida «snos» ishlari olib borilayotgani haqida batafsil ma'lumot berdi.

Jumladan:

1. Samarqand shahri Amir Temur ko‘chasida joylashgan davlat xizmatlari agentligiga yondosh hududda avtoturargoh tashkil etish maqsadida Ibrohimov va Cho‘lpon ko‘chalaridagi yettita obekt buziladi. Dastlabki o‘rganishlarda buziladigan binolar uchun bozor narxida taxminan 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ kerak bo‘lishi aniqlangan.

2. Samarqand shahridagi temir yo‘l orti (xalq tilida «Za liniya») hududidagi mahallalarda 2 856 ta xonadon va 41 ta noturar obekt buziladi. Hozirda tegishli idoralar tomonidan ularning xatlovi o‘tkazilmoqda.

3. Shirin mahallasida umumiy hisobda 2 700 ta obekt buzilishi rejalashtirilgan. Bugungi kungacha 297 ta obekt egalari bilan kelishuvga erishilgan va rozilik xati olingan. Shundan 119 nafar shaxsga 15 milliard 620 million so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Hozirda boshqa mulkdorlar bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda.

4. G‘iyosiddin Jamshid va Ibn Sino ko‘chalarini kengaytirish uchun 20 ta obektning buzilishi rejalashtirilgan. Dastlabki o‘rganishlarda mazkur obektlarning taxminiy bozor bahosi 12,5 milliard so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘lgan.

5. Sadriddin Ayniy ko‘chasini zamonaviy qilib qayta ta'mirlash va kengaytirish uchun bitta issiqxona buzilishi belgilangan. Hozirda mazkur masala Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda.

6. Usto Umar Jo‘raqulov ko‘chasini kengaytirish uchun 11 ta uy-joy va bitta avtobekat buzilishi belgilangan. Hozirda 11 nafar shaxsga tovon puli to‘liq to‘lab berilgan. Avtobekat egasi bozor qiymatidan oshiq pul so‘ragani uchun mazkur masala Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqib chiqilmoqda.

7. Rudakiy ko‘chasini kengaytirish uchun bitta avtobekat buzilishi belgilangan. Mazkur avtobekat masalasi ham Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Shu sababli bugungi kunda Samarqandda ko‘plab qurilish ishlari davom ettirilmoqda.

Top