19:47 / 24.08.2021
11994

Uchtepa va Mirobodda zudlik bilan daraxt ekishimiz zarur – Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahrida 1,5 mln ko‘chat ekish zarurati borligi ma'lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ekologiya muammolari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning hisoboti tinglandi.

«Toshkent shahrida muammolar borligi rost, ancha daraxtlar kesildi, ommaviy axborot vositalari bu haqda ko‘p yozishdi.

Samodan turib kuzatish yo‘li bilan poytaxtdagi ahvolni o‘rgandik. Toshkentda har bir odamga 36 m/kv.dan yashil hudud to‘g‘ri kelmoqda. Lekin, masalan, Bektemirda bu ko‘rsatkich odam kamligi uchun 144 kv/metrga to‘g‘ri kelyapti, Uchtepa, Mirobod tumanlariga esa zudlik bilan daraxtlar ekishimiz zarurligi ayon bo‘lyapti.

Umuman Toshkent shahriga, hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 mln 470 ming ko‘chat ekishimiz zarur.

Biz yer osti quduqlarini qazish ishlarini olib boryapmiz, fursatdan foydalanib men viloyatlar hokimlaridan bir narsani so‘ramoqchiman. 1600ta quduqni qazish uchun bizga texnika zarur, agar qayerda shunday texnika bekor turgan bo‘lsa, biz pulini to‘lab olishga tayyormiz», degan hokim.

Shahar hokimi chiqindilarni qayta ishlash masalasida ham to‘xtaldi.

«Nemis kompaniyasi kelib, biz «Maxsustrans» orqali pul olishimizga hayron qolishdi. Chunki ularda chiqindilar saralash orqali bepul olib ketilarkan. Agar saralanmasa, bir necha barobar qimmat olinarkan. Chunki 600 ming tonna chiqindi qayta ishlansa, odamlardan yig‘iladigan puldan uch barobar ko‘p pul ishlanadi», degan u.

Prezident poytaxtda ham mevali daraxtlar bo‘lganligiga e'tibor qaratdi.

«Albatta, Toshkentda mevali daraxtlar juda ko‘p edi. Lekin odamlar ham suvlarga hisoblagich o‘rnatilganidan keyin suvni qattiq tejaydigan bo‘lib qolishdi. Shuning uchun har bir mahallada daraxtlarni sug‘orish uchun quduq qazib berishni rejalashtirayapmiz», dedi Ortiqxo‘jayev.

Top