Jahon | 22:29 / 30.08.2021
9168
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda noma'lum kasallikdan 68 kishi vafot etdi

Foto: Globallookpress

O‘tgan hafta davomida Hindistonning Uttar Pradesh shtatida noma'lum virusdan kamida 68 kishi vafot etdi. Bu haqda Times of India xabar berdi. Vafot etganlarning 40 nafari bolalar bo‘lgan.

Bemorlarda isitma, suvsizlanish va trombotsitlar darajasining keskin pasayishi kuzatilgan. Ba'zilarida denge virusiga xos belgilar, jumladan mushaklarda og‘riq, ko‘ngil aynash, bosh og‘rig‘i, limfa tugunlarining shishi paydo bo‘lgan.

Eng ko‘p holatlar Agra, Matxura, Maynpuri, Eta va Kasganjda qayd etilgan. Bu kasallikdan eng ko‘p Firozobod tumani zarar ko‘rgan. Bu yerdagi tibbiyot kollejida 72 bola hayoti uchun kurashilmoqda.

Firozobodlik shifokorlardan biri Manish Asijaning aytishicha, “tumanlardagi vaziyat xavotirli”. U kasallik tarqalishiga sanitariya va gigiyena yo‘qligi sabab deb aytmoqda. Yana bir shifokor Nita Kulshrestaning xabar berishicha, oxirgi 24 soat ichida 12 bola virusli isitmadan vafot etgan va buning aniq sabablari aniqlashtirilmoqda.

Mavzuga oid