6 sentyabrdan OTMlarda yangi o‘quv yili an'anaviy shaklda boshlandi. Tabiiyki, asosiy OTMlar joylashgan Toshkent talabalar bilan gavjumlashdi. Ayni vaqtda ularni eng qiynayotgan muammo – turar joy.

Shu kuni Kun.uz muammoni yoritish maqsadida talabalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi.

“Ko‘chada qolishimizga ham to‘g‘ri kelishi mumkin”

“Nevaram bilan Navoiy viloyati, Karmana tumanidan keldik. Nevaram Toshkent davlat texnika universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. 5 sentabr kuni kechasi yo‘lga chiqdik. Bugun, 6 sentyabrda ertalab soat 6:00 da shu yer (talabalar shaharchasi)ga yetib keldik.

Yotoqxona uchun kerakli barcha hujjatlarni tayyorlab topshirdik. Dekan hech narsa demay hujjatlarni olib qoldi. Yotoqxona berilish yoki berilmasligiga hech qanday izoh bermadi.

Ijara uy haqida e'lonni ko‘rib qoldik. Qo‘ng‘iroq qilsak, bir kishiga 600 ming so‘m dedi. Bunaqa pulni to‘lashga qurbimiz yetmaydi. Men pensionerman, nevaramning ota-onasi hech qayerda ishlamaydi. Mana, bugun yotoqxonadan joy berilmasa, ko‘chada qolishimizga to‘g‘ri keladi”, – deydi Talabalar shaharchasida biz suhbatlashgan onaxonlardan biri.

“OTM talabalarni yotoqxona bilan to‘liq qamrab ololmas ekan, ijarachilar bilan kelishishi kerak”

Talabalardan biri masala bo‘yicha o‘z takliflarini berdi:

“OTM talabalarni yotoqxona bilan to‘liq qamrab ololmas ekan, atrofdagi yaqinroq ijarachilar bilan kelishib shartnoma tuzsa, ijara shartnomalari ancha yengillashtirilsa, bu muammoga yechim bo‘lardi. Hozir talabaman, deb uy qidirib borsangiz, keskin rad javobi beriladi. 

Oldinlari yotoqxona birinchi navbatda uzoq viloyatdan kelganlarga berilardi. Hozir “temir daftar”dagilar dastlabki o‘rinda turibdi. OTM ma'muriyati “temir daftar”dagilarga yotoqxona berilgani haqida ham ma'lumot berishmayapti. Bor joyni so‘raganlarga bermay ushlab turishibdi.