O‘zbekistondagi OTMlar turar joyga talabgor talabalarning 27 foizini yotoqxona bilan ta’minlay oladi xolos.

Turar joyga muhtoj har 10 nafar talabadan 7 nafari o‘zi uchun boshpana topishga majbur.

Ayni kunlarda talabalar poytaxtga qaytmoqda. «Kvartira» bozorida talab birdaniga oshgan, shunga yarasha narx ham ko‘tarilgan.

Boz ustiga, aksariyat uy egalari talabalarni ijaraga qo‘yishni istamaydi. Ular ko‘p hollarda uyini qonuniy nikohdan o‘tgan oilaga ijaraga berishni ma’qul ko‘radi.

Kun.uz muxbiri talabalarning turar joyi muammosini o‘rganish uchun Toshkentdagi uy bozorida talabalar, maklerlar va uy egalari bilan suhbatlashdi. Muammo yechimi yuzasidan esa mas’ullarga murojaat qildi.

Uy bozorida sarson studentlar

«Chilonzor» metro bekati yaqinidagi uy bozori shu kunlarda talabalar bilan gavjum. Ularning ko‘pchiligi bu yerga birinchi marta kelishi emas.

Ulardan ishlar qalay deb so‘rasangiz, aksariyati bir xil javob beradi: «Studentlarni qo‘ymaymiz deyishyapti», «Narxlar oshib ketibdi».

Maklerlardan birining aytishicha, uy egalari doim talabalardan noliydi: «Kvartira pulini vaqtida to‘lamaydi», «Uyning tozaligiga bee’tibor», «Kelishilgandan ko‘p odamni uyga olib keladi» va hokazo.

«Uy egalari ko‘pincha oila so‘rashadi. Talabalar tozalikka rioya qilmasligi, uyga notanish odamlarni olib kelishidan shikoyat qilishadi. Talabalar aksariyat hollarda uy egasining ishonchini yo‘qotgan, kommunal to‘lovlarni vaqtida to‘lamagan», – deydi makler.

«Kechirasiz-u, talabalar 3–4 kishi turamiz deydi-da, 8–10 kishi bo‘lib ketadi. Hammayoqni chirk bostirib yuboradi», – deydi uy egalaridan biri.

«Uyni yaxshi saqlamaydigan, betartib talabalar kasriga orasta yashovchi ko‘plab talabalar uy topolmay sarson bo‘lyapti», – dedi uy izlayotgan talaba.

Ijaraga kvartira yo‘q emas, bor, lekin narxi...

Ma’lum bo‘lishicha, hozir Toshkent shahridan 1 xonali ijara uylarni hamyonbop narxda topishning deyarli imkoni yo‘q.