Jamiyat | 19:15 / 14.09.2021
40758
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda IIB xodimlari fuqarolarni kaltaklagani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqarolar kaltaklangani va haqoratlangani aytilgan videolar tarqaldi. Fuqarolar bilan ziddiyatga borganlar Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlari ekanligi aytilmoqda.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, holat yuzasidan bugun, 14 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan» – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Andijon viloyati IIB mas'ul xodimlari holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini, natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 30 may kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning xodimlari fuqaro A.A.ni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turgan. A.A. sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va 11 iyun kuni vafot etgandi.

2020 yilning 27 noyabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudida ichki ishlar xodimlariga sud hukmi o‘qilgan.

2020 yil 21 iyun kuni viloyatning Asaka tumanida 9 yoshli qiz bola o‘z uyida shafqatsizlarcha o‘ldirib ketildi. Ushbu jinoyat marhumaning qo‘shnisi Asroraxon Hamdamovaning “bo‘yniga qo‘yildi”. Tergov va sud davrida 10 oy umrini qamoqda o‘tkazgan ayol yakunda oqlandi. U Kun.uz’ga bergan intervyusida bu jinoyatni IIB xodimlarining tazyiq va qiynoqlari ta'sirida bo‘yniga olganini aytgandi

Mavzuga oid