09:20 / 24.09.2021
1772

Kattaqo‘rg‘onda o‘quvchilar darsdan keyin sinfxonalarni tozalashga jalb etilgani aytildi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan 14-IDUMda o‘quvchilar darsdan keyin sinf xonalarini tozalashga jalb etilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar XTB munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 23 sentabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahar XTB mudiri J.Ahmedov, boshchiligida apparat xodimlari shahardagi 14-IDUMda o‘quvchilar darsdan keyin sinf xonalarini tozalashga jalb etilgani yuzasidan o‘rganish ishlari olib borgan.

O‘rganish jarayonida, shahar hokimi o‘rinbosari A.Ibragimov, shahar IIB voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i S.Sherbekov, shahar hokimligi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya mas'ul kotibi B.Qurbonov, shahar XTB yuristi A.Xaitov ishtirokida o‘quvchilar va ota-onalar bilan suhbat olib borilgan.

Suhbat davomida haqiqatan ham 2021 yil 18sentabr – «Butunjahon tozalik» kuni munosabati bilan shahar XTB tomonidan berilgan tavsiyalar asosida darslar tashkil etilgani aniqlangan. O‘quvchilar hech qanday majburiy mehnat bo‘lmagani va tozalash ishlari o‘quvchilar tashabbusi bilan amalga oshirilganini bildirishgan.

«Maktabning texnik shtat tarkibida 6 nafar farrosh maktab tozaligi uchun mas'ul etib biriktirilgan bo‘lib, o‘quvchilar mehnatidan foydalanilmaydi va o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb etilmagan», deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, shaxsi noma'lum fuqaro tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holat yuzasidan mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilgan. Maktab ma'muriyatidan tushuntirish xatlari olingan va bu kabi holatlarning kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan ularga ogohlantirish berilgan.

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan ushbu holat yuzasidan maktab ma'muriyati tomonidan o‘quvchilar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini tashkil etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani va maktab rahbari o‘tkaziladigan barcha tadbirlarni o‘z nazorati ostiga olishi lozimligi ta'kidlab o‘tilgan.

 

Top