Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu rekord o‘yinida g‘alaba golini urdi, amaldagi chempion mag‘lubiyatga uchradi, «Barsa»da «barqarorlik». YeChL o‘yinlari yakunlari
Chempionlar ligasining chorshanba oqshomida o‘tkazilgan 2-tur o‘yinlari haqida.
10 soniyada urilgan gol
Chempionlar ligasi. Guruh bosqichi. 2-tur. N guruhi
«Yuventus» (Italiya) — «Chelsi» (Angliya) — 1:0 (0:0)
Gol: Keza, 46.
«Yuventus»: Shchensni, Bonuchchi, Danilu, Aleks Sandru, de Ligt, Rabo (Makkenni, 77), Lokatelli, Bentankur (Kellini, 83), Kuadrado, Bernardeski (Kulushevski, 65), Keza (Kin, 77).
«Chelsi»: Mendi, Tiagu Silva, Aspilikueta (Loftus-Chik, 62), Alonso (Chiluell, 46), Ryudiger, Kristensen (Barkli, 75), Kovachich, Jorjino (Chaloba, 62), Ziyosh (Hadson-Odoi, 62), Havers, Lukaku.
Ogohlantirishlar: Alonso, 18. Ziyosh, 61. Ryudiger, 65. Kuadrado, 89.
Hakam: Hil Mansano (Ispaniya).
29 sentabr. Turin. «Allyans» stadioni.
Guruh favoritlari o‘zaro uchrashuvdan oldin yo‘qotishlarga uchragandi. Turinliklar safida hujumchilar Dibala va Morata jarohatlangan, ko‘klar safida Kante koronavirus yuqtirib olgandi. Amaldagi chempionlar zaxira o‘rindig‘i kuchliroq ekanidan kelib chiqqan holda ularga osonroq bo‘lishi kutilgandi, ammo ichki chempionatda muammolarga uchrayotgan «Yuve» bu o‘yinda keskinroq harakat qildi, klassik markaziy hujumchisiz qolgan Allegri hujum uchligidagi futbolchilarning tezkorligiga tayandi.
«Keksa sinora» tanaffusga qadar ham golli vaziyatlarga ega bo‘lgandi, tanaffusdan qaytilgach 10 soniya (ayrim ma'lumotlarga ko‘ra 9) o‘tib maydon egalari tarkibidagi eng faol ikki futbolchi — Bernardeski va Keza — turnir tarixida guruh bosqichi o‘yinlarida ikkinchi bo‘limlarda urilgan eng tezkor golni tashkillashtirishdi. Raqib darvozasi ishg‘ol etilgach, italyanlar o‘z darvozasi daxlsizligi uchun qayg‘urishdi. Jamoa o‘yin oxiriga qadar bor kuchi bilan o‘ynadi va bu vazifani uddaladi. Kellini, «byankoneri» safida 450-o‘yinda maydonga tushgan Bonuchchi — barchasini ideal tarzda bajarishdi. Aftidan, Massimiliano Allegri muxlislar sog‘inib qolgan «Yuventus»ni qaytarmoqda.

«Zenit» (Rossiya) — «Malmyo» (Shvetsiya) — 4:0 (1:0)
Gollar: Klaudino (Duglas Santos), 9 (1:0). Kuzyayev (Rakitskiy), 49 (2:0). Sutormin (Rakitskiy), 80 (3:0). Vendel, 90+4 (4:0).
«Zenit»: Kritsyuk, Barrios, Chistyakov, Rakitskiy, Sutormin (Kravsov, 84), Vendel, Kuzyayev (Yeroxin, 75), Duglas Santos (Mostovoy, 84), Malkom, Dzyuba (Krugovoy, 84), Klaudino (Ozmun, 75).
«Malmyo»: Dalin, Larsson, Ahmadhojich, Nilsen, Brorsson (Eyle, 88), Berget, Kristiansen, Innosent (Penya, 62), Rakip (Olsson, 55), Cho‘loq (Abubakari, 62), Birmanchevich (Nalich, 88).
Ogohlantirishlar: Rakip, 30. Brorsson, 86.
Chetlatish: Ahmadhojich, 53.
Hakamlar: Sidiropulos. Dimitriadis, Kostaras (barchasi — Gretsiya).
29 sentabr. Sankt-Peterburg. «Gazprom Arena» stadioni.
Sergey Semak «Zenit»ni so‘nggi vaqtlarda uch markaziy himoyachili sxemada o‘ynatmoqda. U bu safar ham o‘zgarish qilmadi: ichki chempionatning oxirgi turida «Krylya Sovetov»ga qarshi tushgan boshlang‘ich tarkib takrorlandi, Ozmun 90 daqiqa o‘ynashga tayyor va Lovren zayavkaga qaytgan bo‘lsa-da. Ammo murabbiy ish berib turgan taktikani o‘zgartirmaslikka qaror qildi.
Mezbonlar o‘yin startidayoq hisobni ochishdi, shvedlar bo‘lim davomida hisobni tenglashtirishga bir necha marta yaqin kelishdi, ammo peterburgliklar ustunlikni saqlab qola olishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida ham tezkor gol urildi, ko‘p o‘tmay mehmonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi va amalda uchrashuv taqdiri hal bo‘ldi. O‘yinning so‘nggi qismida ikki gol bilan hisob yirik ko‘rinishga keldi.

20 oktabr. «Zenit» — «Yuventus», «Chelsi» — «Malme».
«Barselona»da yana 0:3, «Bavariya» Kiyevning «Dinamo»sini ayamadi
Ye guruhi
«Benfika» (Portugaliya) — «Barselona» (Ispaniya) — 3:0 (1:0)
Gollar: Nunes, 3 (1:0). Rafa Silva, 69 (2:0). Nunes, 79 — penalti (3:0).
«Benfika»: Vlaxodimos, Vertongen, Otamendi, Grimaldo (Andre Almeyda, 75), Verissimu, Joau Mariu, Rafa Silva (Pitssi, 86), Vaygl, Lazaro (Jilbertu, 45+1), Yaremchuk (Taarabt, 76), Nunes (Ramush, 86).
«Barselona»: ter Shtegen, Pike (Gavi, 33), Serji Roberto (Mingesa, 89), Garsiya, Arauxo, Dest, Buskets (Koutinyu, 68), F.de Yong, Pedri (Gonsales, 68), L.de Yong (Fati, 68), Depay.
Ogohlantirishlar: Pike, 12. Otamendi, 33. Garsiya, 54. Rafa Silva, 56. Grimaldo, 62. Vaygl, 72. Dest, 78. Gonsales, 86.
Chetlatish: Garsiya, 87.
Hakam: Orsato (Italiya).
29 sentabr. Lissabon. «Da Lush» stadioni.
Jiddiy investitsiyalarsiz qayta qurish ishlarini o‘tkazish imkonsiz bo‘lgan klubdagi qiyin vaziyatni muhokama etar ekan, bosh murabbiy Ronald Kuman Chempionlar ligasida mo‘jiza kutmaslikka chaqirgandi. Ammo buni hech kim Lissabonda ilk daqiqalardan gol o‘tkazish darajasida tushunmagandi, Nunes o‘z solosi bilan kataloniyalik himoyachilarni mashg‘ulotlardagi manekenlarga aylantirdi va o‘yindagi birinchi zarbani golga aylantirdi.
Ko‘k-anorranglilar, albatta, hujumlarga chiqdi, ammo mezbonlarning urugvaylik hujumchisi qanchalik murakkab vaziyatdan hisobni ochgan bo‘lsa, Lyuk de Yong shunchalar ideal vaziyatni ko‘kka sovurdi. Niderlandiyalik hujumchi Arauxo qulay tashlab bergan to‘pni shunchaki darvoza to‘riga joylab qo‘yishi talab etilgandi. Hakam bu vaziyatda ofsaydni ko‘rsatdi, ammo agar to‘p darvoza to‘riga kirganida VAR hakamning qarorini qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lishi mumkin edi. Portugaliyalik statistiklar hayratlanarli faktni qayd etishgan: «Benfika» «Barsa»ga qarshi o‘yinlarda tanaffusga g‘olib sifatida chiqib ketishi so‘nggi bor 1961 yilgi Chempionlar kubogida ro‘y bergan.
Ikkinchi bo‘limda «burgutlar»ning o‘yini, ayniqsa, Rafa Silvaning goli urilgan hujum kataloniyaliklar klubining eng yaxshi davrlarini yodga solib yubordi. Destning qo‘liga to‘p tegib, penalti belgilanishi dahshatning davomiga aylandi — «Barsa» turnir startida qatorasiga ikki o‘yinda 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi, endi Kumanning iste'fosi muqarrar bo‘lib bormoqda. Yoki shu kunlarda, yoki «Atletiko»ga qarshi o‘yindan keyin u ketishi kutilmoqda, insayderlar terma jamoa o‘yinlari uchun ajratilgan tanaffusdan keyin jamoani boshqa murabbiy boshqara boshlashini aytishmoqda.

«Bavariya» (Germaniya) — «Dinamo» K (Ukraina) — 5:0 (2:0)
Gollar: Levandovski, 12 — penalti (1:0). Levandovski, 27 (2:0). Gnabri, 68 (3:0). Sane, 74 (4:0). Shupo-Moting, 87 (5:0).
«Bavariya»: Noyyer, Zyule, Ernandez, Upamekano, Deyvis (Pavar, 69), Goretska (Zabitser, 80), Kimmix, Levandovski (Sarr, 79), Myuller, Gnabri (Musiala, 69), Sane (Shupo-Moting, 79).
«Dinamo» K: Bushchan, Shabanov, Timchik (Kendzera, 46), Mikolenko, Zabarniy, Garmash (Karavayev, 70), Sidorchuk, Andriyevskiy, Shaparenko (Shepelev, 46), de Pena, Tsigankov (Supryaga, 70).
Ogohlantirishlar: Timchik, 37. Ernandez, 90.
Hakam: Gvida (Italiya).
29 sentabr. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni.
Kiyevliklar Myunxenda uzoq vaqt bardosh bera olishmadi. To‘p Sidorchukning qo‘liga tekkach, Levandovski yana gol urishga kirishdi - u o‘tgan hafta juma kuni ichki chempionat o‘yinida «Groyter» darvozasini ishg‘ol qilolmay, kutilmaganda golli seriyasini to‘xtatgandi. Lekin polyak forvardi bir jihatda barqarorlik namoyish etmoqda: u yil boshidan buyon «Bavariya» maydonidagi biror uchrashuvni golsiz tark etmagan.
Chorshanba kuni Levi ikki gol urdi, lekin jamoa bu bilan kifoyalanmadi. Yulian Nagelsmann boshqaruvida myunxenliklar yanada kuchliroq o‘yin namoyish etishmoqda va jamoada barchasi o‘xshamoqda. Gnabri tezkor qarshi hujum yakunida o‘z uslubida gol urdi, Sane ijrosidagi qanotdan uzatma ham darvoza to‘ridan joy oldi. «Bavariya»ning yangi versiyasi Myunxenga «Quloqli kubok»ni olib borgan Yupp Haynkes va Hans Flikning jamoalariga tobora o‘xshab bormoqda.

20 oktabr. «Benfika» — «Bavariya», «Barselona» — «Dinamo» K.
Sulsher Emeridan qasos oldi
F guruhi
«Manchester Yunayted» (Angliya) — «Vilyarreal» (Ispaniya) — 2:1 (0:0)
Gollar: Pako Alkaser, 53 (0:1). Aleks Telles, 60 (1:1). Krishtianu Ronaldu, 90+5 (2:1).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Varan, Aleks Telles (Fred, 89), Lindelyof, Dalot, Pogba (Matich, 75), Brunu Fernandesh, Maktominay, Krishtianu Ronaldu, Sancho (Kavani, 75), Grinvud (Lingard, 89).
«Vilyarreal»: Ruli, Albiol (Mandi, 73), Moreno (Penya, 73), Pau Torres, Foyt, Parexo, Kapue, Trigeros (Estupinyan, 61), Pako Alkaser (Dia, 58), Gruneveld, Pino (Moyses Gomes, 73).
Ogohlantirishlar: Moreno, 59. Pino, 67. Grinvud, 68. Albiol, 68. Aleks Telles, 71. Penya, 90+1. Krishtianu Ronaldu, 90+5.
Hakam: Tsvayyer (Germaniya).
29 sentabr. Manchester. «Old Trafford» stadioni.
Ba'zida Krishtianu Ronaldu tarixga kirishi uchun shunchaki maydonga chiqishi kifoya qiladi. Chorshanba oqshomida portugaliyalik Chempionlar ligasidagi 178-o‘yinini o‘tkazdi va bu borada shu vaqtgacha yetakchi bo‘lib turgan Iker Kasilyasni ortda qoldirdi. Bundan tashqari, Krish uchun bu klub miqyosidagi 900-o‘yin bo‘ldi. Ammo birinchi bo‘lim davomida «Old Trafford»da asosan De Xea diqqat markazida turdi. Ispanlar o‘z vatandoshlarini tinimsiz zarbalar ostida qoldirishdi va o‘zaro o‘yinlardagi «quruq» seriyani birinchi bo‘lib buzishni maqsad qilgan holda harakatlanishdi, chunki bu «MYu» va «Vilyarreal»ning YeChLdagi so‘nggi to‘rt uchrashuvida golsiz durang hisoblari qayd etilgandi.

«Qizil iblislar» o‘z o‘yinlarini ko‘rsata olishmadi, ularning maydondagi eng yorqin vakili Pogba edi. Lekin u o‘z o‘yini bilan emas, yangi imiji bilan. Ikkinchi bo‘lim boshida Pako Alkaser hisobni ochganida, bu mantiqning g‘alabasidek edi. Lekin shu goldan keyin «MYu» uyg‘ondi va standart vaziyatdan gol uyushtirildi. Brunu Fernandesh jarima zarbasini ijro etishda to‘pni darvozabon maydoni sari emas, jarima maydoni tashqarisida uzoqdan zarba berishga chog‘lanib turgan Aleks Tellesga uzatdi va to‘pga to‘xtatmasdan zarba berib, uni darvoza to‘rining uzoq burchagiga joylashtirdi.
Mezbonlar hujumkor o‘yin namoyish etishda davom etishdi, Kavani ideal pozitsiyadan xato qilganida o‘yinning asosiy vaqti may oyidagi Yevropa Ligasi finalida bo‘lgani kabi durang hisobda yakunlanadigandek ko‘ringandi. Ammo o‘sha o‘yindagi bilan bir farq mavjud edi — o‘sha o‘yinda Ole Gunnar Sulsher ixtiyorida Krishtianu Ronaldu bo‘lmagan, u esa barchasini bir omadli harakat bilan hal qilishga qodir futbolchi. U bu safargi goli bilan «Old Trafford»ni aqldan ozdirdi. «Oltin to‘p»ning olti karra sohibi aynan shunday lahzalar uchun «MYu»ga qaytgandi.
«Atalanta» (Italiya) — «Yang Boyz» (Shveytsariya) — 1:0 (0:0)
Gol: Pessina, 68.
«Atalanta»: Musso, Dzappakosta (Petssella, 90), Toloy, Jimsiti, Gozens (Mehle, 11), Merix Demiral, de Ron, Malinovskiy (Pashalich, 74), Froyler (Kopmayners, 90), Pessina (Muriel, 74), Sapata.
«Yang Boyz»: fon Ballmoos, Garsiya, Xefti (Maseyras, 83), Kamara, Martins Pereyra, Serro (Mambimbi, 69), Ebisher (Shpilmann, 83), Ngamale, Lauper, Sebatshe (Rider, 66), Elia (Kanga, 66).
Ogohlantirishlar: Serro, 65. Dzappakosta, 89.
Hakam: Brix (Germaniya).
29 sentabr. Bergamo. «Atleti Adzurri d'Italiya» stadioni.
Shveytsariyaliklar 1-turda «MYu»ni hayron qoldirishgandi, endi esa «Atalanta»ga muammolar tug‘dirishdi. Ehtimol, nihoyat o‘z uy arenasida YeChL o‘yinlarini qabul qila boshlagan Jan Pero Gasperini jamoasiga barchasi osonroq kechishi mumkin edi, agar Rafael Toloyning tezkor goli ofsayd tufayli bekor qilinmaganida. Ammo maydon egalari baribir «Boyz»ni Sapataning sa'y-harakatlari evaziga taslim etishdi, ushbu hujumchi deyarli imkonsiz epizodda to‘p uchun oxirigacha chopdi va uni o‘yindagi yagona gol muallifi bo‘lgan Pessinaga yetkazib berdi. E'tiborli jihati, shu vaqtgacha YeChL o‘yinlarida «Atalanta» safida biror italiyalik futbolchi gol urmagandi - bungacha urilgan barcha 30 gol legionerlar hisobiga yozilgan.

20 oktabr. «Manchester Yunayted» — «Atalanta», «Yang Boyz» — «Vilyarreal».
«Zalsburg» — penaltilar bo‘yicha peshqadam
G guruhi
«Zalsburg» (Avstriya) — «Lill» (Fransiya) — 2:1 (1:0)
Gollar: Adeyyemi, 35 — penalti (1:0). Adeyyemi, 53 — penalti (2:0). Burak Yilmaz, 62 (2:1).
«Zalsburg»: Ken, Ulmer, Veber, Ongene, Kristensen, Kamara, Zeyvald, Aaronson, Suchich (Kapaldo, 71), Okafor (Sheshko, 61), Adeyyemi (Adamu, 75).
«Lill»: Grbich, Joze Fonti, Tiagu Djalo, Gudmundsson (Mandava, 84), Botman, Andre, Sheka (Onana, 59), Gomesh (Ikone, 60), Burak Yilmaz, Vea (Bamba, 59), David (Lixadji, 84).
Ogohlantirishlar: Botman, 30. Sheka, 45+1. Burak Yilmaz, 51. Adeyyemi, 54. Joze Fonti, 66. Bamba, 89. Kapaldo, 90+3.
Hakam: Xalil Umut Meler (Turkiya).
29 sentabr. Zalsburg. «Red Bull Arena» stadioni.
«Volfsburg» (Germaniya) — «Sevilya» (Ispaniya) — 1:1 (0:0)
Gollar: Shteffen, 48 (1:0). Rakitich, 87 — penalti (1:1).
«Volfsburg»: Kastels, Russiyon, Mbabu (L.Nmecha, 62), Baku, Bornau, Lakrua, Gilavogi, Arnold, Shteffen (Valdshmidt, 74), Veghorst (Gerxardt, 90), Lukebakio.
«Sevilya»: Bunu, Xesus Navas, Akunya (Rekik, 46), Kunde, Diyegu Karlos, Fernandu Rejyes, Xoan Xordan (Romero, 70), Gomes, Suso (Lamela, 52), Okampos (Al-Haddodiy, 74), Mir (Rakitich, 53).
Ogohlantirishlar: Lakrua, 1. Shteffen, 16. Suso, 24. Mir, 45. Mbabu, 50. Gilavogi, 79. Rekik, 82. Vegxorst, 86. Russiyon, 90.
Chetlatish: Gilavogi, 85.
Hakam: Kabakov (Bolgariya).
29 sentabr. Volfsburg. «Folksvagen Arena» stadioni.
Germaniya termasi safida yaqinda debyut qilgan Adeyyemining birinchi goli shunisi bilan e'tiborliki, «Zalsburg»ning 19 yoshli futbolchisi ikki turda o‘z jamoasi uchun to‘rt marta 11 metrli jarima zarbasi ishlab bergan, lekin birinchi turda jamoa «Sevilya»ga qarshi o‘yinda ikki penaltini xato ijro etgandi. Faqat beshinchi penaltini avstriyaliklar uning ishtirokisiz ishlashdi, bu vaziyatda to‘p «jonli devor»da turgan Burak Yilmazning qo‘liga tekkandi. Adeyyemi bu o‘yinda ikki penaltini ham aniq ijro etdi va jamoasi g‘alabasini ta'minladi. Bu albatta, «Sherif» emas, ammo G guruhida kutilmagan jamoa yetakchiga aylandi.

20 oktabr. «Zalsburg» — «Volfsburg», «Lill» — «Sevilya».
Mavzuga oid
18:03
Messi va Ronalduda 6-mundial, Mbappe Klozedan o‘tishi mumkin. JCh-2026 intrigalari
23:45 / 31.05.2026
Xvicha Kvaratsxeliya Chempionlar ligasi joriy mavsumining eng yaxshi futbolchisi deb topildi
15:43 / 31.05.2026
Parijda «PSJ» fanatlari tartibsizlik keltirib chiqardi – fotolar
16:03 / 27.05.2026