08:27 / 12.10.2021
3326

Hukumatning ayrim qarorlariga fuqarolik aviatsiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat O‘zbekiston prezidentining 30.04.2021 yildagi «Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-5100-son qaroriga muvofiq hamda «Shovot-Qorao‘zak yangi temir yo‘l liniyasini hamda Amudaryo ustidan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini qurish» investitsiya loyihasini o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Quyidagi hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda: 

  • Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga;
  • Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatiga. 

Belgilanishicha, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga, agar asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish bo‘yicha import kontraktlari shartlarida asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish, shu jumladan ularni uzoq muddatli ijaraga berish muddati ularning texnik xususiyatlari va o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kalendar kundan ortiq belgilangan bo‘lsa, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati kechiktirilgan qarzlar uchun jarima solinmaydi.

Tashqi savdo kontraktlari va invoyslarga identifikatsiya raqamlarini berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, tashqi savdo operatsiyalari turlari ro‘yxati quyidagi pozitsiyalar bilan to‘ldirildi: 20 – lizing asosidagi eksport shartnomalari; 21 – lizing asosidagi import shartnomalari;
 
Kiritilgan izohga muvofiq, davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxati havo kemalari va aviadvigatellarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlashda qo‘llaniladigan hamda olib kiriladigan butlovchi va ehtiyot qismlar, detallar va sarflanadigan materiallar (to‘qimachilik mahsulotlari bundan mustasno)ga nisbatan tatbiq etilmaydi. 

Top