Jamiyat | 19:41 / 18.10.2021
12763
2 daqiqa o‘qiladi

Kogon shahrining sobiq hokimi 58 yoshida vafot etdi

Foto: Kogon shahar hokimligi matbuot xizmati

Buxoro viloyati Kogon shahrining sobiq hokimi Hakim Hoshimov 17 oktabr kuni 58 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi, Buxoro viloyati hokimligi marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Mehnatkash, fidoyi inson Hakim Hoshimovning yorqin xotirasi viloyat hokimligi jamoasi, deputatlik korpusi vakillarining qalbida mangu yashaydi», deyiladi ta'ziyanomada.

Marhumning o‘limi sababi keltirilmagan.

Hakim Hoshimov 1963 yil yanvarida Vobkent tumanida oddiy ishchi xonadonida tavallud topdi. 1985 yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan. 

Mehnat faoliyatini «Buxoroirdavqurilish» trestiga qarashli 37-son ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonnada usta sifatida boshlagan. 1986-2000 yillarda «Amubuxorokanalqurilish» hissadorlik jamiyati 3-son qurilish montaj boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. 2002-2004 yillarda Buxoro shahar F.Xo‘jayev tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, 2004-2010 yillarda Buxoro shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2010-2014 yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Buxoro viloyati tumanlarini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashni yaxshilash bo‘yicha loyihani amalga oshirish guruhi rahbari, 2014-2017 yillarda Buxoro viloyati «Suvoqova» DUK bo‘lim boshlig‘i, korxona boshlig‘i o‘rinbosari, korxona boshlig‘i, 2017-2018 yillarda Buxoro viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Hakim Hoshimov 2018 yilning 7 fevralida Kogon shahri hokimi etib tayinlangandi. U 2021 yil martida prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi ortidan lavozimidan ozod etilgan edi.

Mavzuga oid