O‘zbekiston | 11:01 / 16.12.2021
14997
3 daqiqa o‘qiladi

Kogon shahar hokimligiga “beg‘araz sovg‘a”. Bu safar savdo do‘koni

O‘zbekistonda yana bir hokimlikka “beg‘araz sovg‘a” berildi. Faqat bu safar qimmatbaho mashina yoki kvartira emas, fuqaro o‘z savdo do‘konini Kogon shahar hokimligiga taqdim qildi. Hokimlik esa uni qaror asosida qabul qilib oldi.

Foto: Kogon shahar hokimligi

Fuqaro X.Rashidova Kogon shahar hokimiga ariza orqali murojaat qilib, shahar bosh bekatidagi o‘zining shaxsiy mulki bo‘lgan, maydoni 60 metr² savdo do‘konini hokimlikka beg‘araz topshirdi. Shahar hokimi Hayot Davlatov 15 dekabr kuni savdo do‘koni binosini hokimlik balansiga qabul qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Qarorda mulkni qabul qilib olish uchun Uy-joy kodeksining 12-moddasi asos sifatida keltirilgan. Biroq kodeksning bu moddasida umuman boshqa qoida aks etgan: davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari mulkchilikning boshqa shakliga o‘tganda yoki ular qayta tashkil etilganda ularning to‘la xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida bo‘lgan uy-joy fondi ushbu korxona, muassasa va tashkilotlar huquqiy vorislariga (agar ular aniqlangan bo‘lsa), boshqa yuridik shaxslarga mulk qilib o‘tkazilishi mumkin.

Hokim qarori bilan tegishli mas’ullarga savdo do‘konini notarial idora bilan birgalikda belgilangan tartibda qabul qilish, kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Fuqaroning o‘z mulkini hokimlikka beg‘araz topshirishi ijtimoiy tarmoqlarda yana savollar bilan qarshi olindi. Tarmoq foydalanuvchilari o‘z izohlarida bu “himmat” ortida boshqa maqsad borligini, agar beg‘araz bo‘lsa, uni hokimlikka emas, nochor yoki kasalmand oilalarga taqdim qilish foydaliroq bo‘lishini bildirishgan.

Oldinroq fuqaro Ziyoda Latipova o‘ziga tegishli Mercedes-Benz S500 Hybrid rusumli avtomobilni Toshkent shahar hokimligiga beg‘araz taqdim etgandi.

Ko‘p o‘tmay Chilonzorda ro‘yxatdan o‘tgan “AST LIDER” qurilish kompaniyasi o‘ziga tegishli 3 xonali yangi kvartirani tuman hokimligiga sovg‘a qilgani ma’lum bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov oxirgi paytlarda mahalliy davlat hokimiyati idoralari tomonidan qaysidir homiylar orqali yoxud homiylik niqobi ostida qanaqadir qurilishlarni amalga oshirish, xizmatlarni ko‘rsatish holatlari ham kuzatilayotgani, bularning barchasida ham g‘araz niyatlar, maqsad bo‘lmasligi mumkinligi, lekin ayrimlarida afsuski shunaqa holatlar ham borligini aytgandi.

Mavzuga oid