Ayol nolimadi, birovdan yordam kutmadi va ehtimol shuning uchun oilada ham, jamiyatda ham uning qiyinchiliklariga hech kim e'tibor qaratmadi. Marhumning dugonasi Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukniga uning taqdiri haqida so‘zlab berdi.

— Dugonam Vazira bilan bolalikdan birga katta bo‘ldik, bitta kosadan ovqat yeganmiz. Nihoyatda sodda, ochiqko‘ngil qiz edi. Birovga zarari tegishini istamasdi. Hattoki ota-onasiga ham yuk bo‘lmaslik uchun o‘zi tinimsiz mehnat qilib, o‘z kunini ko‘rishga harakat qilardi. Doim kiyim-kechagi, hamma ehtiyoji uchun mehnati bilan o‘zi pul topardi. Dalaga chiqib piyoz o‘toq qilish bormi, kartoshka-sabzi kavlash bormi, hammasiga ketaverardi. Kech kuzgi paxta terimigacha mehnat qilardi.

Yillar o‘tib, ulg‘ayib, hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Dugonam ham turmushga chiqib, oilali bo‘ldi. Turmushning qiyinchiliklari boshlandi. Orada turmush o‘rtog‘i qandaydir sabab bilan ma'lum vaqtga qamalib qoldi. Shundayam u hech kimdan yordam so‘ramadi, bolalarini o‘zi parvarishlab katta qildi. Tabiatan shunaqa ediki, bir marta yordam so‘rashi mumkin edi. Qaytib so‘ramasdi, qo‘l siltab, ko‘z yumib qo‘ya qolardi xolos.

Surayyo Muhiddinova, marhumaning yaqin dugonasi

Farzandlari uchtaga yetdi: ikki o‘g‘ildan keyin yana bir qizchali bo‘ldi. Uch ovsin bitta hovlida yashashlarini hisobga olib, ijara uyga chiqib ketishdi. Ayrim sabablar bilan ijarada yashash noqulay bo‘ldi, shekilli, ota uyiga ko‘chib bordi. Bir muddat ota uyida yashab turdi. Nimadir bo‘lib, u yerdan ham chiqib ketdi. Shundan so‘ng shu qishloqdagi bir uyda ijarada yashab turgan edi.

Jamiyatdagi befarqlikmi, oiladagi yetishmovchilikmi... nimani sabab qilishniyam bilmayman. Lekin endi u oramizda yo‘q. Ro‘zg‘or tebrataman deb, bolalarini boqaman deb, bir necha kun avval hayotdan ko‘z yumdi.

Yangi-Angren IES atrofidagi hududda qazib tashlangan chuqurlar bor. Shu yerda eskidan qolgan temir bo‘laklarini topish mumkin ekan. Dugonam shularni terib, metallolomga topshirmoqchi bo‘lgan. 3-4 so‘m pul bo‘ladi deb, shularni kavlayotgan vaqtda ustiga tuproq ko‘chgan va uni bosib qolgan.