O‘zbekiston | 14:07 / 28.10.2021
26749
3 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov COVID-19’ning yangi shtammi haqida ma'lumot berdi

Arxiv foto/Kun.uz

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov koronavirusning yangi “AY.4.2” shtammi haqida ma'lumot berdi.

Koronavirusning yangi “AY.4.2” shtammi aholisi 1 milliarddan ortiq bo‘lgan Hindistonda aniqlanib, hozircha 17 nafar bemor ro‘yxatga olingani haqida xabarlar tarqaldi.

“COVID-19’ning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan SARS-CoV-2 virusi vaqt o‘tishi bilan yangilanib, atrof-muhitga moslashib bormoqda. Uning yangi shtammlari SARS-CoV-2ning mutatsiyaga uchrashi oqibatida paydo bo‘ladi. Ya'ni virus o‘zini saqlab qolish uchun qayta-qayta yangilanishga urinyapti.

Aslida, tabiatda uchraydigan barcha viruslar o‘zgaruvchanlikka moyil. Ba'zi tadqiqotchilar SARS-CoV-2ning 5000 tadan 7000 tagacha bo‘lgan mutatsiyaga uchragan shakli borligini da'vo qilishadi.

Biz viruslarning u yoki bu turi aniqlangan joyga qarab ham nom berib kelyapmiz. Masalan, “britancha” shtamm deb nomlaganimiz, aslida “alfa” shtammi, “afrikancha” deb ataganimiz “betta” shtammidir. “Delta” shtammi Hindistonda aniqlangan bo‘lib, hozir so‘z yuritayotganimiz “AY.4.2” shtammi ham Hindistonda aniqlangani ta'kidlanmoqda.

JSST ham koronavirusning ko‘plab shtammlari orasidan yuqoridagilarni anchayin xavfli, deb e'tirof etib, ularga e'tiborli bo‘lish shartligini ta'kidlab kelmoqda”, – degan SES o‘rinbosari.

Nurmat Otabekov ijtimoiy immunitetni shakllantirish orqali koronavirusning barcha shtammlarini yengib o‘tish mumkinligi va buning uchun aholi vaksinatsiya jarayonlarida yanayam faol bo‘lishi kerakligi haqida gapirgan.

Ushbu “AY.4.2” shtammi ayni kunlarda Rossiyada ham aniqlangan bo‘lib, mutaxassislar uning yuqumlilik darajasi yuqoriligi bilan xavfli ekanligini aytishmoqda. Bu shtammga chalingan bitta tashuvchi bir vaqtning o‘zida 9 kishiga yuqtirishi ehtimoli mavjudligi ma'lum qilingan. Mutaxassislar koronavirusning yangi shtammini yuqtirgan bemorlarda kasallik o‘rtacha, og‘ir va o‘ta og‘ir holatda kechayotganini va ko‘proq bolalar kasallikka chalinayotganini aytishgan.

Shuningdek, Angliyada ham “COVID-19ning yangi “AY.4.2” shtammiga chalinganlar aniqlangan. VVS ma'lumotiga ko‘ra, “delta” shtammning mutatsiyaga uchragan ushbu varianti ustida olimlar o‘rganish ishlari olib borishyapti.

Mavzuga oid