Jamiyat | 14:53 / 01.11.2021
15252
6 daqiqa o‘qiladi

“Joyimdan tura olmasam, 17 yillik kreditni qanday to‘layman?” - muammo qarshisida yolg‘iz qolgan ayol

Qiziltepalik Sanobar Sharipova – ikki farzandning yolg‘iz boquvchisi, 1-guruh nogironi. Uch yil avval oilaning uyli bo‘lish orzusi ushalgan, biroq dastlabki badali davlat tomonidan to‘lab berilgan bu uyning yana 17 yillik kredit to‘lovi bor. Ayol esa faqat nogironlik nafaqasi va aliment puli bilan ro‘zg‘or tebratadi.

Shu yilning 8 oktabr kuni Yangi-Angren IES atrofidagi hududda metallolom izlayotgan 34 yoshli ayol tuproq bosib qolishi oqibatida vafot etdi. Bunday ayanchli taqdir egalari atrofimizda ko‘plab topiladi. Ammo falokat sodir bo‘lmaguncha ularga e'tibor qaratmaymiz. Kun.uz'ning navbatdagi hayotiy hikoyasi shunday taqdir egalaridan biri haqida.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani Malikobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Sanobar Sharipova 11 yil muqaddam turmushidan ajrashgan. Ikkita yosh go‘dagi bilan yolg‘iz qolgan ayol uchun bu jarayon og‘ir kechadi. Otasini sog‘ingan farzandlarining yig‘lashlari, taqdirning kutilmagan zarbasi uning salomatligida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ayol ayni paytda 1-guruh nogironiga aylangan. Ketma-ket murakkab jarrohlik operatsiyalarini boshdan o‘tkazmoqda.

“Ro‘zg‘or ishlari u yoqda tursin, mustaqil biror ish qila olmayman, joyimdan tura olmayman. Ikkala oyog‘im ham ishlamaydi, qo‘llarim ham shu ahvolda. Ovqatimni o‘zim amallab yeyman. Boshqa hech narsa qila olmayman. Farzandlarim ertalab ovqatimni berib, ustimdan qulflab maktabga ketishadi. Qo‘ni-qo‘shni orada xabar olishadi, yo‘qsa bolalarim kelguncha bir joyda yotaman. Kunlarim shunday o‘tyapti.

10 yil avval ikki nafar farzandim bilan turmushimdan ajrashdim. Bolalarim juda yosh edi, otasini sog‘inib yig‘lardi. Uylanmagan ukalarim bor edi. Ajrashgan ayol sifatida odamlar orasida bosh ko‘tarib yurishga uyalardim, bu juda qattiq ta'sir qildi menga. Tushkunlikka tushib, asabiy bo‘lib qoldim. Kasalligimga sabab shu bo‘lgan deyishadi shifokorlar, yana bilmadim. Asli taqdirimda bor ekan.

Bolalarim bilan ijarama-ijara yashab yurdik. Qayerda ijarada yashasak, bolalarimning maktabini ham o‘sha yerga ko‘chirishga to‘g‘ri kelardi. Sarson-sargardon yashab ko‘chada ham qoldik, ba'zida nonga ham pul topolmay qolgan paytlarimiz bo‘ldi. Uy olish uchun umid bilan hokimiyatga ariza yozdik. 3 yil avval bizga ham uy berildi.

Uyimizning birinchi to‘lovi davlatimiz tomonidan to‘lab berildi. O‘z uyimizga ega bo‘lganimizdan bolalarim bilan behad xursand edik. Lekin kredit asosida berilgan bu uy uchun to‘lov qila olmasligim ayon edi. To‘lolmasligimni aytib, tuman xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limiga ham kirdim. “Yordam qilamiz, siqilmang, homiy topiladi”, deyishdi ular.

Ko‘chib kirib yashay boshladik, ammo oy sayin uyning to‘lovi uchun bankdan odam kelib pul to‘lashim kerakligi haqida ogohlantirib boshlashdi. Har kun eshigim tagida bank xodimlari kelib, pul to‘lamasam uydan chiqarib yuborishlarini aytishadi. Lekin nima qilay? Ilojim yo‘qligidan o‘tiribman, pulim bo‘lganda to‘lardim.

Qaniydi oyoq-qo‘lim butun bo‘lganda, ishlab to‘lardim. Men tinib o‘tiradigan ayol emasdim, qarab o‘tirmasdim, ishlardim. To‘rt tomonga o‘zimni urardim, mehnat qilardim. Hech bo‘lmasa qo‘lim ishlaganda ham mayli edi – tikuvchilik qilib pul topardim. Buniyam iloji yo‘q.

Hozir o‘g‘lim ixtisoslashgan maktabga o‘qishga kirdi. Uniyam o‘ziga yarasha to‘lovlari bor ekan. Nogironlik nafaqasi va bolalarim uchun oladigan aliment hisobiga yashaymiz. Lekin ular mening dori-darmoniga ketib qolyapti.

Farzandlarim uchun ovqat tayyorlab berishga ham yaramayman. Uyimizda doim ham issiq ovqat bo‘lmaydi. Shunaqa sharoitda yashayapmiz hozir. Bolalarimga ba'zida ovqat topib bera olaman, ba'zida yo‘q. Shukrki ular hamma narsani tushunishadi. O‘zim qiynalsam bunchalik ezilmasdim, lekin farzandlarimni shunday ahvolga solib qo‘yganimdan vijdonim qiynaladi.

Bank xodimlari kelishganda bolalarimning ahvolini tasavvur qila olmaysiz. Judayam qiynalishadi, lekin menga bildirmaslikka harakat qilishadi, aslida o‘zlari judayam tushkunlikka tushib qolishadi. Sog‘ligim yomonlashmasligi uchun meni ayashadi. Chunki kuchli og‘riqlar bilan yashayotganimni bilishadi. Bolalarim ham hamma qatori yashashni, kiyinishni, yeb-ichishni xohlashadi.

Uyimizning hali yana 17 yil kredit to‘lovi bor. Bilmadim buni qanday to‘layman. O‘g‘lim hali 12 yoshda. U bunaqa narsalarni o‘ylash o‘rniga o‘qishi kerak. Qiynalganimni ko‘rib: “Ishlayman, pul topib hech bo‘lmaganda ikkita non olib kelaman. Ro‘zg‘or uchun ozgina yordamim tegsin. Shu uyning boquvchisiman, boqimanda bo‘lib o‘tirmayman” deydi. Lekin men hali 12 yosh bolamni qanday qilib ishlataman?

Tashvishim ko‘p, mas'uliyatim juda katta oldimda...”

Sanobar opaga imkon qadar yordam berishni istagan yurtdoshlarimiz uchun: 8600 0424 4110 0020 (Sanobar Sharipova nomida).

Mavzuga oid