21:19 / 02.11.2021
3318

AQSh jurnalistlarni ta'qib qilganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi

Ned Praysning ta'kidlashicha, erkin va mustaqil matbuot “rahbarlar hisobdorligini ta'minlaydi, fuqarolar huquqlarini himoya qiladi, jamoatchilik xabardorligini kafolatlaydi”. 

Foto: Reuters

AQSh hukumati boshqa mamlakatlarni jurnalistlarni ta'qib qilish va qo‘rqitishda ayblanganlarni javobgarlikka tortishga chaqiradi. Bu haqda AQSh davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Praysning Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni munosabati bilan tarqatilgan bayonotida aytilmoqda.

“Davlat departamenti mamlakatimiz va xorijda OAV erkinligini ilgari surishga harakat qiladi hamda boshqa davlatlar hukumatlarini jurnalistlarni ta'qib qiluvchi, qo‘rqituvchi va ularga nisbatan kuch ishlatuvchilarni javobgarlikka tortishga chaqiradi”, – deyiladi bayonotda.

Praysning ta'kidlashicha, erkin va mustaqil matbuot “rahbarlar hisobdorligini ta'minlaydi, fuqarolar huquqlarini himoya qiladi, jamoatchilik xabardorligini kafolatlaydi”.  

“Juda ko‘p mamlakatlarda jurnalistlar zo‘ravonlik yoki qamoqqa olinish tahdidiga duch keladi. Bu tahdidlar ko‘pincha hukumat tomonidan bo‘ladi, raqamli kuzatuv texnologiyalaridan foydalanish orqali jurnalistlarning hukumatdagi korrupsiya va repressiyalar haqida xabar berish imkoniyatini cheklash uchun bu davlatlar chegaralaridan tashqariga chiqadi”, — deyiladi Praysning bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda OAVga nisbatan bosimlar soni ko‘payishiga har doimgidan ham kuchliroq qarshilik ko‘rsatish kerak.

Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni 2013 yil 18 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan jurnalistlar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan va jamiyatning ishonchli axborot olish huquqini toptaydigan xavotirli holatga dunyo hamjamiyati e'tiborini jalb qilish maqsadida ta'sis etilgan. Bu sana fransiyalik ikki jurnalist tahririyat topshirig‘iga binoan Malidagi qurolli mojaroni yoritish paytidagi o‘limi bilan bog‘liq. 2013 yilning 2 noyabr kuni Radio France Internationale jurnalistlari Jislen Dyupon va Klod Verlon jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgan.

Top