Jahon | 19:13 / 05.11.2021
7901
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘n yillik rekordni yangiladi

BMTning ma'lumot berishicha, narxlar o‘sishiga qator omillar, jumladan, yetkazib berishdagi uzilishlar, xomashyo narxining yuqoriligi, zavodlarning yopilishi va siyosiy keskinlik sabab bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi oxirgi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi, deb xabar berdi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO).

Oxirgi yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxi 30 foizga oshgan.

BMTning ma'lumot berishicha, narxlar o‘sishiga qator omillar, jumladan, yetkazib berishdagi uzilishlar, xomashyo narxining yuqoriligi, zavodlarning yopilishi va siyosiy keskinlik sabab bo‘lgan.

Don narxi o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga oshgan. Bunga birinchi navbatda bug‘doy narxining keskin ko‘tarilishi ta'sir qildi. Yirik eksportchilarda (Kanada, Xitoy va Rossiya) hosil yaxshi bo‘lmagani sababli bug‘doy narxi qariyb 40 foizga oshdi.

Ma'lumot berilishicha, o‘simlik moyi narxlari palma, soya, kungaboqar va raps moylari narxi ko‘tarilishi hisobiga oshgan. Palma moyi narxi Malayziyada ishlab chiqarish hajmining kamaygani bilan bog‘liq (bunga mehnat migrantlari yetishmovchiligi sabab bo‘lgan).

Mahsulot yetkazib berishdagi uzilishlar sut narxi o‘sishiga olib kelmoqda: sut mahsulotlari narxi o‘tgan yildagiga nisbatan qariyb 16 foizga oshgan.

Narxlar oshishi birinchi navbatda kam daromadli mamlakatlar aholisiga ta'sir ko‘rsatadi: ular yanada qashshoqlashadi, bu esa ijtimoiy va siyosiy keskinlikni kuchaytirishi mumkin.

Mavzuga oid

E`lonlar