15:45 / 17.11.2021
6433

Facebook birinchisi emas: nomini o‘zgartirgan gigant kompaniyalar

Eng yirik mediatarmoqlar – Facebook, Instagram va WhatsApp platformalariga egalik qiluvchi kompaniya o‘z nomini Facebook'dan Meta'ga o‘zgartirdi. Ha, dunyoda nafaqat kichik va o‘rta, balki gigant kompaniyalar ham turli sabablarga ko‘ra o‘z nomlarini o‘zgartirib turishadi.

Foto: Kun.uz

LG har doim ham LG bo‘lmagan

Maishiy texnikalar sohasida yirik kompaniyalardan biri LG har doim ham shunday atalmagan. Bundan oldin LG'ning asosi GoldStar kompaniyasi bo‘lgan va 2003 yilga kelib Lucky va Goldstar kompaniyalari qo‘shiluvidan hozirgi gigant paydo bo‘ldi. Hanuz ko‘p uylarda Goldstar maishiy texnikasi uchrab turadi.

Yangi nom kompaniyaga katta muvaffaqiyat keltirdi va bugungi kunda LG 200 ming ortiq xodimlar, dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida 200 dan ortiq vakolatxonalarga ega.

Google'mi yo Alphabet?

Sergey Brin va Larri Peyj 1996 yilda garajda asos solgan qidiruv tizimi 1998 yilga kelib rasman Google nomi bilan qayd etildi va shiddat bilan rivojlana boshladi. 2004 yilda aksiyalari birjaga chiqarilgan Google qiymati muttasil orta boshladi va ancha vaqt dunyoning eng qimmat kompaniyasi/brendi bo‘lib turdi.

2016 yilda esa kompaniya nomi Alphabet'ga o‘zgartirildi. Google nomi esa qidiruv tizimi sifatida saqlanib qolaverdi.

PepsiCola – Bred ichimligi

1893 yilda amerikalik dorishunos Kaleb Devis Bred tomonidan o‘ylab topilgan bu ichimlik dastlab juda oddiy “Bred ichimligi” (Brad’s Drink) nomi bilan sotuvga chiqarilgan.

Biz bilgan “PepsiCola” nomini ichimlik tarkibidagi pepsin tufayli 1898 yilda olgan va hanuz shu nom bilan sotib kelinyapti.

Nike ham Nike emasdi

1964 yilda talaba Fil Nayt tomonidan asos solingan kompaniya dastlab Blue Ribbon Spors nomi bilan atalgan. Butun dunyoga tanilgan va eng qimmat sport brendlaridan biriga aylangan Nike nomiga esa 1978 yilda o‘tilgan.

Darvoqe, biz “nayk” deb talaffuz qiladigan bu brend aslida “nayki” deb o‘qiladi.

Datsun'dan Nissan'ga

Datsun kompaniyasi 1981 yilda barcha yangi markalarni yagona nom ostida birlashtirish uchun yangi nom topishga qaror qildi. Lekin o‘sha paytda Datsun nomidan voz kechilishi millionlab dollar zarar keltirgan va keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tib Nissan nomi ham kuchli brendlardan biriga aylandi, kompaniya avtomobil sanoatining yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Meta – yangi nom va yangi bosh og‘riqlar

Facebook kompaniyasi o‘z nomini Meta deya o‘zgartirgani sabablari endi ko‘pchilikka ma'lum. Garchi Tsukerberg Meta endilikda butunlay yangi bosqichga chiqishi va qator texnologik ishlanmalarni taqdim qilishini bildirgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik mutaxassislar aslida Facebook mojarolardan zerikkanini taxmin qilmoqdalar.

Lekin nom o‘zgarishi ham o‘ziga xos muammolarni keltirib chiqardi. Dastlab Arizonadagi noutbuklar va aksessuarlar sotish bilan shug‘ullanuvchi Meta PCs firmasi Meta savdo belgisiga huquqni avgust oyidayoq qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi va endi kompaniya o‘z nomidan foydalanish huquqini Mark Tsukerbergga 20 mln dollarga sotmoqchiligini bildirdi.

Bundan tashqari, Ohayo shtati prokuraturasi Mark Tsukerbergning Meta (avvalgi Facebook) kompaniyasini sudga berdi. Da'vo kompaniyaning sobiq xodimasi Frensis Xaugen ko‘rsatmalariga asoslangan. Da'vo arizasi shtatning pensiya kompaniyasi OPERS va Meta’ning boshqa investorlari tomonidan berilgan. Ular o‘zlari ko‘rgan zararni 100 mlrd dollarga baholashmoqda.

Da'vo arizasida kompaniya o‘z algoritmlari borasida yolg‘on xabar bergani va o‘z dasturlari foydalanuvchilarga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararni yashirgani aytilgan. Da'vogarlarning ta'kidlashicha, kompaniya rahbariyati aksiyalar narxini oshirish maqsadida o‘z dasturlarining “xavfsizligi, himoyalangani va ma'lumotlar maxfiyligini ta'minlashini” aytib, qimmatbaho qog‘ozlar haqidagi qonunni buzgan.

O‘zbekistonda

Yurtimizda ham turli sabablarga ko‘ra nomlari o‘zgargan gigantlar bor. Ularning eng mashhurlari uyali aloqa kompaniyalaridir. Hozirgi UMS qachondir MTS va undan ham oldin “O‘zdunrobita” edi. Bilayn foydalanuvchilari orasida hanuz Unitel atamasi uchrab turadi. UCELL esa bir vaqtlar COSCOM nomi bilan mashhur bo‘lgandi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top