O‘zbekiston | 08:34 / 17.11.2021
2154
3 daqiqa o‘qiladi

To‘g‘onlar seysmik mustahkamligini kosmik monitoring qilish tizimi joriy etiladi 

Foto: Kun.uz

Prezidentning “O‘zbekiston seysmik xavfsizligini ta'minlash sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi:

a) 2022 yil 1 iyunga qadar Fanlar akademiyasi, Seysmoprognostik monitoring respublika markazi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi eng seysmik faol, o‘rta faol va tinch hududlar hamda maydonlarni o‘zida mujassamlashtirgan interaktiv onlayn xarita ishlab chiqadi va ulardan foydalanuvchilar ro‘yxatiga aholi punktlari bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi yuridik shaxslarni (loyiha tashkilotlarini) qo‘shadi;

b) 2022 yil 1 oktyabrga qadar seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformatsiyasi, siljishi, cho‘kishi kabi omillarni aniqlashga mo‘ljallangan radiolokatsion kosmik monitoring tizimni joriy etadi;

v) Suv xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan bilan hamkorlikda suv omborlari to‘g‘onlarining seysmik mustahkamligi darajasini doimiy kosmik monitoring qilish tizimini joriy etadi;

g) Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda geoaxborot texnologiyalarini qo‘llagan holda zilzila natijasida to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlarning vizual modellarini yaratadi;

d) Suv xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda zilzila natijasida to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma'lumotlar bilan ta'minlash tizimini yaratadi;

ye) belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda tegishli vazirliklar va idoralar Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining talabnomasiga muvofiq so‘ralgan ma'lumotlarni ishchi tartibda taqdim etilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid