O‘zbekiston | 20:19 / 19.11.2021
4041
3 daqiqa o‘qiladi

Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari beriladi

Qonunda Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlaridagi tog‘li va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga ham bir qator imtiyozlar nazarda tutilmoqda.

Foto: KUN.UZ

“Soliq ma'muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Senat tomonidan ma'qullandi.

Ushbu qonun bilan Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlari, tog‘li va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarda yangidan tashkil etilgan, ushbu tumanlarda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlari (klasterlar bundan mustasno) 2024 yil 1 yanvargacha:

— yer solig‘i;

— mol-mulk solig‘i;

— aylanmadan olinadigan soliq;

— yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat'iy belgilangan summasini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur tadbirkorlik sub'yektlari (klasterlar bundan mustasno) 2021 yil 10 sentyabrdan 2024 yil 1 yanvargacha foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun bilan Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan Sirdaryo viloyati Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini 2020 yil 1 maydan 2022 yil 1 noyabrgacha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulkka solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmoqda.

Avvalroq, Kun.uz qonunda Sardoba toshqinidan zarar ko‘rib, bir yarim yildan buyon pulini ololmayotgan sirdaryolik fermerlarga imtiyozlar berish nega nazarda tutilmayotgani borasida rasmiylarga savol bilan murojaat qilgandi. Bunga javoban, Qonunchilik palatasi deputati Mag‘firat Xushvaqtova ularga yetkazilgan zarar qoplanib, tegishlicha imtiyozlar berilganini bildirgan. Moliya vazirligi vakili esa qonun loyihasi Hukumat bayonnomasi asosida ishlab chiqilganini, fermerlarga ham soliq imtiyozini qo‘llash bo‘yicha deputatlar taklif kiritishi kerakligini ta'kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba toshqinidan zarar ko‘rib, uzoq vaqt kompensatsiya ololmay kelgan baliqchilar va fermerlar murojaati Kun.uz’da yoritilganidan so‘ng, masala tadbirkorlar foydasiga hal bo‘lgandi.

Mavzuga oid

E`lonlar