Kecha, 24 sentabr kuni Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida «Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Ma'lum qilinishicha, qonun loyihasi bilan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari 2020 yil 1 maydan 2022 yil 1 noyabrga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etilishi belgilanyapti.

Kun.uz ushbu loyihada Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan boshqa tadbirkorlar, xususan, dehqon va fermer xo‘jaliklariga ham soliq imtiyozlari berilishi borasida savol bilan Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a'zosi, deputat Mag‘firat Xushvaqtovaga murojaat qildi.

Loyiha uchun mas'ul bo‘lgan Qonunchilik palatasi vakilining aytishicha, bu kabi masalalar yig‘ilishda deputatlar tomonidan ham ko‘tarilgan. Lekin qonun loyihasi muallifi bo‘lgan Moliya vazirligi Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan boshqa turdagi tadbirkorlar va fermerlar holati o‘rganilganini hamda ularga yetkazilgan zarar qoplanib, tegishlicha imtiyozlar berilganini bildirgan. Shu sababli loyihada faqatgina baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlarini berish nazarda tutilmoqda.

Kun.uz bilan gaplashgan Moliya vazirligi Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti direktori birinchi o‘rinbosari Umid Hamroyevga ko‘ra, ushbu loyiha Hukumat komissiyasi protokoli asosida ishlab chiqilgan.

«Haqiqatan deputatlar bizdan boshqa sohalarga ham imtiyozlar beriladimi, deb so‘radi. Biz Hukumat komissiyasi topshirig‘i asosida Sirdaryo viloyatidagi ushbu xo‘jaliklarga yetkazilgan zararni o‘rganib, soliq imtiyozini qo‘llash bo‘yicha taklif ishlab chiqdik. Moliya vazirligi boshqa xo‘jaliklarga ham soliq imtiyozini qo‘llash bo‘yicha taklif berolmaydi, bizda bunday vakolat yo‘q. Buning uchun mahalliy deputatlar yoki Oliy Majlis deputati qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda o‘sha fermerlarga ham soliq imtiyozini qo‘llash bo‘yicha taklif kiritishi kerak. Qonun loyihasi endi birinchi o‘qishda qabul qilindi, takliflar bo‘lsa o‘rganib chiqilib, boshqa fermerlarga ham soliq imtiyozini qo‘llash nazarda tutilishi mumkin»,