O‘zbekiston | 09:59 / 23.11.2021
1853
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tanqididan keyin Amudaryodagi abgor kanalizatsiyali uylarni qurgan shirkatga jinoyat ishi ochildi

Foto: Kun.uz

Bir muddat oldin Kun.uz Amudaryoda faol yoshlar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga berilgan abgor kanalizatsiyali uylar haqida so‘z yuritgandi.

Shundan keyin oradan ikki hafta o‘tsa ham ko‘p qavatli uylardan vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan. Kecha #Kunuzmobilmuxbiri uylarning yerto‘lasini suv bosayotgani haqida xabar berdi.

Amudaryo tumani hokimligi yuqoridagi holatlar yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Unda aytilishicha, Gulzor mahallasidagi 2 ta 5 qavatli uy-joylar 2020 yilda foydalanishga topshirilgan. Mazkur uy-joylarning kanalizatsiya tarmoqlari va lokal suv tozalash inshootini qurish ishlari pudratchi tashkilot “Jayxun remontaj stroy” MChJ tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Bugungi kunda tarmoqlarni tortish ishlari qisman bajarilib, lokal suv tozalash inshootini o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilmasdan qolgan.

Ushbu holat yuzasidan pudratchi tashkilot “Jayxun remontaj stroy” MChJ rahbariga nisbatan Amudaryo tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishi moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, obektda qurilish-ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilishi bilan ko‘p qavatli uy-joylardagi kanalizatsiya masalasidagi mavjud muammolar to‘liq bartaraf etiladi.

Bundan oldin Nukusda katta yo‘l ostidan suv otilib chiqishi kuzatilgandi.

Mavzuga oid