Jamiyat | 20:45 / 10.11.2021
3636
2 daqiqa o‘qiladi

Faol yoshlar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga berilgan abgor kanalizatsiyali uylar

Amudaryo tumanida qurilgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiyasi abgor ahvolda. Mang‘it shahridagi Gulzor mahallasida 6 ta ko‘p qavatli uy qurilgan. Ularda 360 nafar oila istiqomat qiladi.

Xonadonlar asosan faol yoshlar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga berilgan. Uylarning barchasida kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammo bor. Xonadonlardan chiqqan oqava suv uylarning oldigacha chiqib ketgan.

Sizib chiqqan suv ustiga tuproq tortilgan. Ammo shu bilan muammo bartaraf bo‘lmagan. Yig‘ilgan suv kichik kolodeslardan boshqa joyga ketmaydi. Ba'zida oqava suv ko‘p qavatli uylar qarshisidagi kollektorga yuboriladi.

Fuqarolarning Kun.uz’ga aytishicha, yozda kanalizatsiyaning badbo‘y hidiga chidab bo‘lmaydi. Yosh bolakaylar nafas yo‘li bilan bog‘liq kasalliklarga chalinmoqda. Issiq kunlarda derazalarni ochishning umuman iloji yo‘q.

Holat haqida mas'ul tashkilotlarga murojaat qilingan. Lekin bir necha yildan beri muammoga yechim topilmayapti.

Ma'lumot uchun, Qipchoq ko‘chasidagi 6 ta ko‘p qavatli uylarning birinchisi 2015 yili foydalanishga topshirilgan. 2020-2021 yillari qolgan 5 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga berilgan.

Uylarni hududdagi 6 ta qurilish tashkiloti qurgan. Bular – «Mangit invest maxsimum», «Jumurtov tex tamir servis», «Amudaryo maxsus qurilish», «XKMK 317» MChJlaridir.

Mavzuga oid