Jahon | 20:38 / 23.11.2021
25979
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Qozog‘iston prezidentiga yana bir lavozimni topshirishga qaror qildi

Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibayning izoh berishicha, birinchi prezident partiyani davlatning amaldagi rahbari boshqarishi kerak degan fikrda. 

Foto: Muxtar Xoldorbekov / Reuters

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev «Nur Otan» hukmron partiyasi raisi vakolatlarini mamlakatning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirishga qaror qildi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.

Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay Twitter sahifasida izoh berishicha, birinchi prezident partiyani davlatning amaldagi rahbari boshqarishi kerak degan fikrda. 

«Nursulton Nazarboyev partiya siyosiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida partiyani mamlakat prezidenti boshqarishi kerakligini ta'kidlab, vakolatlarini topshirishga qaror qildi», — deb yozdi Ukibay.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vakolatlar «partiya ustaviga muvofiq», ya'ni navbatdagi s'yezdda topshiriladi. Unga qadar Nazarboyev «Nur Otan» raisi lavozimida qoladi.

Shu bilan birga, matbuot kotibi Nazarboyev millat yetakchisi bo‘lib qolaverishini ta'kidladi.

«Egallagan lavozim va vakolatlaridan qat'i nazar, Nursulton Abishevich millatimiz yetakchisi – elboshi bo‘lib qoladi», — dedi Ukibay Tengrinews nashriga bergan intervyusida.

Sobiq prezident 2021 yil bahorida To‘qayevga milliy siyosat yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha prezident huzuridagi maslahat organi – Qozog‘iston xalqlari assambleyasi rahbarligini topshirgandi.

Nazarboyev mamlakat prezidentligidan 2019 yil bahorda o‘z xohishi bilan ketgandi. U o‘shanda mamlakat xavfsizlik kengashi rahbari, konstitutsion kengash a'zosi va o‘zi 1999 yilda asos solgan «Nur Otan» partiyasi rahbari lavozimlarini saqlab qolgandi. Nazarboyevga «millat yetakchisi — elboshi» unvoni berilgan.

Mamlakat prezidenti vazifasini bajargan sobiq bosh vazir Qosim-Jo‘mart To‘qayev keyinroq Qozog‘iston prezidentligiga saylandi.

Mavzuga oid