O‘zbekiston | 21:45 / 27.11.2021
14818
12 daqiqa o‘qiladi

Deputatlardan sado, 1,5 mln oylik, avjiga chiqqan “snos” - X-News

Ishsizlar boshlanishiga 1,5 mln so‘m maoshga sabr qilishi kerakligini aytgan Jahongir Ortiqxo‘jayev, homiladorlarning haqqini himoya qilib chiqqan deputatlar, soddalashishi kutilayotgan UzIMEI, yo‘qolib borayotgan Milliy bog‘, qulog‘ini “kar” qilib olgan Toshkent hokimligi va boshqalar – Xpress loyihasining hafta dayjestida.

Deputatlardan kutilmagan taklif

Shu kunlarda Oliy Majlisda keyingi yilgi Davlat budjeti muhokama qilinyapti. Doimgidek, Vazirlar Mahkamasi kiritgan loyiha katta o‘zgarishlarsiz tasdiqlanishi ehtimoli yuqori.

Lekin ayrim umidbaxsh yangiliklar ham yo‘q emas. Shu hafta deputatlar kutilmaganda “dekret puli” va “bola puli” masalasini ko‘tarib chiqdi.

Hukumat bu mavzudan ancha yillardan beri qochib kelyapti. Bu haqdagi savollarga javoban yangi tizimga o‘tilishi haqida faqat va’da berilyapti xolos.

Xalq demokratik partiyasining bayonoti maqtovga loyiq, unda masala aniq-tiniq qilib ko‘ndalang qo‘yilgan: “Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi xodim davlat yo nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar barcha ayollar uchun kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi kerak”.

Gap shundaki, budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga bola parvarishi nafaqasi, xalq tilida aytganda “bola puli” to‘lanmayapti. Ularning bitta-yu bitta “aybi” – davlat tashkilotida ishlab, davlatga xizmat qilgani.

Xususiy sektordagi ayol xodimlarga esa budjetdan nafaqat “bola puli”, balki “dekret puli” ham berilayotgani yo‘q. Aniqroq aytganda, ularga homiladorlik va bola parvarishi nafaqalarini to‘lash ish beruvchilar zimmasiga yuklab qo‘yilgan. Bu – xalqaro talablarga zid. Va shundayligi ham bejizga emas: amaliyotda juda ko‘p ish beruvchilar bu to‘lovni to‘layotgani yo‘q.

Amaldagi tartibni hech ikkilanmay millionlab ayollar va bolalar huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi deb baholash mumkin. Farzand ko‘rish va tarbiyalash, ya’ni jamiyat oldidagi eng asosiy burchini bajarishi tufayli vaqtincha ishlay olmayotgan ayollar o‘zlari to‘lagan soliqlar hisobidan nafaqa olishga haqli. Uzoqqa borish ham shart emas: bunaqa tartib 2010 yilgacha O‘zbekistonda ham amalda edi.

O‘tgan yili “dekret” va “bola puli” masalasida moliya vaziri Timur Ishmetovga Senatda savol berilgan edi. Vazir o‘shanda budjet imkoniyatlari cheklanganini ro‘kach qilib, “ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak” degan iborani ishlatgandi.

Qiziq, yangidan yangi vazirliklar ochish, milliy seriallar ishlab chiqarish, vinochilikni rivojlantirish, amaldorlar uchun qo‘sha-qo‘sha qimmat mashinalar olish, hech kim o‘qimaydigan gazetalar obunasi, haykallar va kurantlarga pul ajratilayotganda nega ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerakligini birov eslatmaydi?

O‘sha majlisda Ishmetovning o‘rinbosari Jamshid Abruyev ayol xodimlarga to‘lanadigan nafaqalar muammosi ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish orqali hal etilishini aytgandi.

Xuddi shu tizim haqida shu yil boshida Pensiya jamg‘armasi direktori Abdulaziz Haydarov ham gapirgandi. U 2021 yil oxirigacha tegishli qonun ishlab chiqilishini aytgandi. Yil tugayapti, qonundan esa darak yo‘q.

Deputatlarga ham hayron qolasan. XDP tarqatgan bayonotning so‘nggi so‘zlariga e’tibor bering: “Partiyamiz deputatlari hukumatga mana shu taklifni ham berdi”. Demak, bu taklif xolosmi? Deputatlar qat’iy talab qilishni qachon o‘rganadi?

Umuman, deputatlarning hukumatdan so‘rab ish qilishi g‘alati. “O‘zAvto”ga imtiyozlar berilmasligi yoki “tonirovka” narxi pasaytirilishini so‘rab o‘tirguncha, shular bo‘yicha o‘zlari qonun yoki qaror chiqarishlariga nima xalal beradi?

UzIMEI va shaxsiy ma’lumotlarga davlatning munosabati

Sherzod Shermatov / Foto: AKT vazirligi

Prezident ikkinchi vakolat muddatiga kirishganidan keyin uch nafar vazirni almashtirdi. Yangi lavozimga kelgan har uchala vazir ham birin-ketin aholidan taklif yig‘ishni boshladi.

Avvaliga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri lavozimiga qaytgan Sherzod Shermatov soha bo‘yicha har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Unga birinchilardan bo‘lib IMEI-kodlar mavzusida murojaatlar bo‘lgan shekilli, oradan uch kun o‘tib, bu daxmaza tizimni soddalashtirishga buyruq berdi.

Shermatov IMEI-kod bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolar uchun “oson va qulay” bo‘lishi kerakligini aytdi. “Oson va qulay” sifatlari qatoriga “arzon” yoki “bepul” so‘zlari ham qo‘shilsa yaxshi bo‘lardiku-ya, lekin bu boradagi vakolat faqat Shermatovda emas. Ammo unda boshqa bir vakolat bor: fuqarolarga o‘z nomlariga nechta mobil qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilganini bilish imkonini berish.

Biz taklif so‘rayotgan vazirga ayni shu haqda aytmoqchimiz: fuqarolar ularning pasportlariga nechta va qanaqa rusumdagi mobil qurilmalar ro‘yxatdan o‘tkazilganini bilishga haqli.

Oldindan ogohlantiramiz: agar bu amalga oshsa, oxirgi ikki yil ichida chet elga borib kelgan hamyurtlarimizga tegishli telefonlar soni o‘zlari bilganidan ko‘proq bo‘lib chiqishi mumkin.

Gap nima haqida ketayotganini tushundingiz-a? Chegara postlarida va karantin zonalarida minglab fuqarolarning pasport ma’lumotlari o‘g‘irlangani esingizda bo‘lsa kerak. O‘sha bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi haqida oxirgi marta shu yil yanvar oyida ma’lumot berilgandi.

“Bu bo‘yicha rasman 7 mingga yaqin holatlar aniqlangan. Balki bundan ham oshar, chunki tergov harakatlari davom ettirilmoqda”,degandi Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Baxtiyor Sulaymonov.

Jinoyatchilar kimlar bo‘lgani, ularga qanaqa jazo berilgani esa ma’lum emas. Aynan mana shu noma’lumlik fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlariga nisbatan davlatning haqiqiy munosabatini ko‘rsatib beradi. Ya’ni uyushgan jinoiy guruh minglab odamlarning ma’lumotlarini o‘g‘irlagan, lekin bu o‘g‘rilikning oqibati ma’lum emas. Bu ish ham Yunusobod metrosi qurilishidagi fojia bo‘yicha ochilgan jinoyat ishiga o‘xshab yopib yuborilgandir balki?

Buni nega gapiryapman? Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarni bloklash haqidagi qonun ham go‘yoki fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash uchun qabul qilingan. Agar maqsad tarmoqlarni bloklash emas, odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish bo‘lganida, shunga oid katta bir jinoyat ishi bo‘yicha tafsilotlar ochiqlangan, sudga jurnalistlar ham chaqirilgan bo‘lmasmidi?

Quraveramiz, buzaveramiz!

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi uchun 2019 yilda qurilgan bino buzilishga tushdi / Foto: Kun.uz

Poytaxt Toshkentda ham doimgidek yangiliklar yetarli.

Ko‘pchiligimiz uchun qadrdon metro jyetonlari endi suvenirga aylanadi. 1 dekabrdan boshlab metroga kirishda jyeton qabul qilish to‘xtatilyapti. Jyetonlar oxirgi marta 2020 yil 1 noyabrda sotuvga chiqarilgan edi.

Shu haftadan boshlab metroning “Buyuk ipak yo‘li” bekatida Feyspey tizimi sinov tariqasida ishga tushdi. Bunda yo‘lovchi validatorga qarasa bas, yo‘l haqi uning bank kartasidan yechib olinadi.

Haftaning Toshkent shahriga oid qolgan asosiy yangiliklari qurilishlar va buzilishlar haqida.

Oxirgi paytlarda katta qurilish maydoniga aylanib ketgan Milliy bog‘ yaqinida yana yangi binolar quriladigan bo‘ldi. Dushanba kuni bog‘ atrofi bo‘ylab qad rostlaydigan Prezident kutubxonasi va Adabiyot muzeyi loyihalari Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

Bu ko‘l qayta tiklanmaydigan qilib quritildi / Foto: Eurasianet

Prezident kutubxonasining joylashuvi bo‘yicha hozircha aniq ma’lumot yo‘q. U avvalgi “Navro‘z” to‘yxonasining o‘rniga qurilishi mumkin. Oliy Majlis binosi oldidagi tamoman quritib tashlangan ko‘l o‘rniga esa teatr binosi tushishi haqida ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, bog‘ning Baynalmilal ko‘chasi tarafdagi qismida, avval “O‘zbekneftgaz” shoxobchasi joylashgan joyda Davlat adabiyot muzeyi va boshqa bir nechta ma’muriy binolar paydo bo‘ladi.

Adabiyot muzeyiga yangi bino qurilishi muzeyning hozirgi binosi nima bo‘ladi degan savolni o‘rtaga chiqaryapti. Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan, oldida alloma haykali o‘rnatilgan va Alisher Navoiy nomi berilgan muzey binosi tarixiy ahamiyatga ega. Afsuski, bu borada shahar hokimligi shahar aholisi oldida mutlaqo hisob bermayapti. Bir muddat oldin Magic City qurilishi bilan ham xuddi shunday bo‘lgan edi. Milliy bog‘dagi ulkan ko‘lni quritib, o‘rniga allaqanday siti qurishdan oldin bog‘ning haqiqiy egalari – aholidan so‘rab ham o‘tirishmagandi.

Milliy bog‘ning Beshyog‘och tomonidagi yashillik faqat rasmlarda qoldi.

Qurilishlar haqida gap ketganda, hokimiyat izoh bermayotgan joyi faqat Milliy bog‘ emas. Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining yangi binosi qurilganidan 2 yil o‘tib buzilishga tushdi.

Manbalarimizga ko‘ra, bu bino qurilishiga 21 mlrd so‘m sarflangan ekan. Essiz... Kamida 3 ta maktab yoki 5 ta bog‘chaning puli ko‘kka sovuriladigan bo‘ldi.

Agar bino ustiga yashil rangli qurilish materiali to‘shab qo‘yilmaganida va ekspertiza markazidagilar “snos”ni rasman tasdiqlamaganida, yap-yangi bino buziladi deb shaxsan meni ishontirishingiz qiyin bo‘lardi. Axir qanday qilib budjetdan milliardlab so‘m sarflab 2019 yilda qurilgan hashamatli imorat 2021 yilda buzilishi mumkin? Shu darajaga borib yetganimizga odamning ishongisi kelmaydi.

Ekspertiza markazi vakillarining aytishicha, bino Toshkent shahar hokimligi balansida. Hokimlik rasmiylari esa bu masalada Kun.uz va Gazeta.uz kabi nashrlarning savollariga javob bermayapti.

Foto: Yandex.Maps

Ko‘rsatuvimiz boshida keyingi yilgi davlat budjeti shu kunlarda muhokama qilinayotgani haqida aytgandik. Budjet loyihasidagi bir jihatga e’tibor qiling: 2022 yilda “snos”lar uchun kompensatsiya to‘lashga budjetdan naq 500 mlrd so‘m ajratiladi. E’tiborlisi, 2020 va 2021 yillardagi xuddi shu yo‘nalishda ajratilgan xarajatlarni qo‘shganda ham buncha pul chiqmaydi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Davlat amaldorlarining noto‘g‘ri rejalashtirishi va noto‘g‘ri qarorlari oqibatida yuzaga kelgan “snos”larning badali nega xalqning yelkasiga tushishi kerak?

Ochig‘i, oxirgi yillarda Toshkentdagi pala-partish qurilishlar va buzilishlarni ko‘rib, shahrimiz yaqin kelajakda Hindiston shaharlaridek ahvolga kelib qolishidan qo‘rqa boshladim.

Buning oldini olish uchun shaharga tezroq bosh reja kerak. Markaziy Osiyoning eng katta shahri shuncha yillar bosh rejasiz qolib ketganining o‘zi noyob hodisa bo‘lsa kerak. 20 noyabr kungi hukumat qarori bilan Toshkentning genplanini ishlab chiqish uchun shahar hokimligiga 2022 yil oxirigacha muhlat berildi.

Bu birinchi muhlat emasligini bilsangiz kerak. 2018 yilgi farmonda ham hokimlikka xuddi shunday vazifa yuklatilib, 2019 yilgacha muhlat berilgandi. Oradan o‘tgan uch yil ichida ayniqsa shahar markazida egallanmagan, sotilmagan joy qolmadi hisob. Balki endi bu safar haqiqatan ham bosh reja tasdiqlanar?

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid