O‘zbekiston | 16:14 / 03.12.2021
27935
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyada COVID-19 «omikron» shtammini yuqtirib oldi

Koreya Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi (KDCA) mamlakatda koronavirus «omikron» shtammi bilan kasallanishning ilk holatlari haqida xabar berdi. Kasallikka chalinganlardan biri o‘zbekistonlik bo‘lib chiqdi. U Nigeriyadan qaytgan Koreya fuqarolari bilan aloqada bo‘lgan.

Foto: Yonhap

The Korea Times xabariga ko‘ra, 1 dekabr, chorshanba kuni er-xotin Nigeriyadan Janubiy Koreyaga qaytgan. Er-xotinni aeroportda o‘zbekistonlik tanishi kutib olgan va o‘z mashinasida uyiga olib borib qo‘ygan. Ushbu shaxslarning hammasida koronavirusning «omikron» shtammi aniqlandi. Xususan, 29 noyabr kuni O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, er-xotin sog‘liqni saqlash idoralariga aeroportdan uyga qanday yetib kelgani haqida yolg‘on ma'lumot bergan. Ular maxsus taksi xizmatidan foydalanishi kerak bo‘lgan.

Qayd etilishicha, er-xotin, o‘zbekistonlik erkak va uning oila a'zolari 270 kishi bilan aloqada bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarosi test topshirishi va yangi shtamm aniqlanishidan avval 400 dan ortiq xorijlik fuqaro yig‘ilgan diniy muassasaga tashrif buyurgan.

Ayni paytda tegishli idoralar xodimlari tomonidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Noyabr oyi oxiridan boshlab Koreya Respublikasi JAR va koronavirusning yangi shtammi tarqalayotgan Janubiy Afrikaning boshqa yetti davlatiga tashrif buyurgan xorijliklarning kirishini taqiqladi, vizalar berilishini esa chekladi.

Hukumat shuningdek, yangi shtammning tarqalishiga qarshi kurashish yo‘llarini muhokama qilish uchun maxsus guruh tuzdi. Mamlakat prezidenti Mun Chje In o‘z qo‘l ostidagilarga «omikron» shtammi kirib kelishining oldini olish uchun chegarada virusga qarshi kuchaytirilgan chora-tadbirlar ko‘rishni buyurdi.

Shundan so‘ng, Janubiy Koreya emlanganlik holatidan qat'i nazar, barcha tashrif buyuruvchilar uchun majburiy 10 kunlik karantinni qayta joriy qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid