Jamiyat | 10:42 / 09.12.2021
20665
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda poyezd urib yuborgan ayol vafot etdi

Xorazm viloyatida 43 yoshli ayol «Toshkent-Urganch» yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: t.me/vodiybozor

Toshkentdan Xorazm viloyati markazi Urganch tomon harakatlangan yo‘lovchi poyezdi urib yuborishi oqibatida 43 yoshli ayol vafot etgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu ma'lumotni tasdiqladi.

«Aniqlanishicha, 8 dekabr kuni soat 09:25larda 43 yoshli ayol o‘zining ehtiyotsizligi tufayli «Istiqlol-Hazorasp» yo‘nalishida kelayotgan yo‘lovchi poyezdi urib ketishi oqibatida olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Urganch transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamentining aniqlik kiritishicha, bu ayol Istiqlol–Hazorasp temir yo‘lining 354-kilometri 7-to‘sig‘ida 55-sonli Toshkent–Urganch–Xiva yo‘lovchi poyezdi oldiga to‘satdan chiqib qolgani sababli uni urib yuborgan.

Ayol tanasining bosh qismidan olgan jarohat tufayli voqea joyida vafot etgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida ayol Xorazm viloyati Tuproqqal'a tumani Oxunboboyev mahallasida yashovchi fuqaro S.Q. ekanligi aniqlangan.

Mavzuga oid