O‘zbekiston | 12:54 / 12.12.2021
11113
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda o‘quvchilar loy yo‘llarda olis maktabga qatnamoqda (foto)

Qamashi tumanida bolalar o‘z qishloqlarida maktab yo‘qligi sababli uzoqdagi maktabga loy yo‘llardan qatnayotgani haqida xabar tarqaldi. Tuman hokimligi bunga javoban, hududda maktablar yetarli ekani, boshqa maktab qurilmasligini ma'lum qildi.

Foto: Telegram

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida o‘quvchilar maktabga loy yo‘llardan qatnayotgani aks etgan xabar va suratlar e'lon qilindi.

“Qamashi tumani, Boybo‘ri qishlog‘idagi bolalar hamon o‘z maktabi yo‘qligidan aziyat chekmoqda”, deya yozilgan postga loyli dalada maktabga ketayotgan bolalar suratlari ilova qilingan.

Foto: t.me/javlonjovliyev

Bunga rasmiy munosabat bildirarkan, Qamashi tuman hokimligi hududdagi qator masalalarni sanab o‘tdi.

Xabardagi holat bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun tuman Xalq qabulxonasi mudiri, tuman hokimligi xodimlari Boybo‘ri qishlog‘ida bo‘lgan.

“Tumandagi “Boybo‘ri” mahalla fuqarolar yig‘inida Esaboy va Boybo‘ri qishloqlari bor. Mahallada 3,5 mingga yaqin fuqaro ro‘yxatda turadi. Maktab o‘quvchilari 23, 27 va 73-maktablarda tahsil olishadi.

Telegram kanalida ushbu qishloqda maktab qurilishi boshlagani va yakuniga yetmay qolgani aytiladi. 1989-yillarda kolxoz va sovxoz xo‘jaligi hisobidan ushbu qishloqda maktab qurilish ishlari boshlagan. Bu qurilish davlat dasturiga ko‘ra emas, xo‘jalik hisobidan amalga oshirilgan. Xo‘jaliklar yakunlangach, qurilish ishlari ham oxiriga yetmay qolgan.

Yillar o‘tishi bilan qurilish obekti qarovsizlik sabab yo‘q bo‘lib ketgan. Fermer xo‘jaliklari tashkil qilinishi bilan suvli yerlarga bo‘lgan e'tibor ham ortadi. Qishloq xo‘jaligi yerlari yer islohotlariga ko‘ra qayta taqsimlanadi. Hozirda ushbu suvli hududda fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bolalar maktabga tosh to‘kilgan yo‘ldan boradi. Fermer xo‘jaligi yerlari atrofidagi suvli yerlarda uy-joy qurib olgan oilalarning farzandlari maktabga qatnashi uchun ham yo‘l mavjud. Shunday bo‘lishiga qaramasdan masofani kamaytirish uchun bolajonlar fermer xo‘jaligi yer maydonlaridan ham kesib o‘tadi”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Bolalar maktabdan qaytishmoqda / Qamashi tuman hokimligi

Aholi hokimlik vakillari bilan suhbat davomida qishloq uchun maktab qurilishini so‘rab murojaat qilishgan. Ular maktab qurish uchun qishloqda faqat bitta joy borligini ko‘rsatishgan.

“Qishloq aholisi mo‘ljallab qo‘ygan joy fermer xo‘jaligi konturida bo‘lib, suvli yer hisoblanishi aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan qonunlarga ko‘ra, suvli yer maydoni faqat qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ajratiladi. Yashash xonadonlari uchun egalik huquqi mavjud emas. Vaqtinchalik foydalanish hujjati qilingan.

Qishloq bolalarining aksariyat qismi boradigan 27- va 73-maktab oralig‘i 5 kilometrni tashkil qiladi. Boybo‘ri qishlog‘i aholisi o‘sha maktablar oralig‘idagi hududda yashaydi. Shuningdek, maktablar qishloqlar uchun emas, bolalar uchun quriladi. Maktab qaysi hududda qurilishidan qat'i nazar har bir bola uchun eshigi ochiq hisoblanadi. Shu sabab bolalarning o‘z maktablari yo‘q deyish o‘rinsizdir”, deb yozadi hokimlik axborot xizmati.

Aholi xonadonlari / Qamashi tuman hokimligi
Fermer xo‘jaligi maydoni / Qamashi tuman hokimligi

Hokimlikka ko‘ra, ushbu qishloq hududida maktab binosi qurilish masalasi mutaxassislar tomonidan bir necha bor o‘rganilgan va takliflar ham tayyorlangan. Unga ko‘ra, qishloq hududida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 160 o‘rinli maktab binosi qurilishi keltirilgan. Biroq, bu takliflar qishloq hududiga talab darajasidagi radiusda maktablar borligi uchun inobatga olinmagan. Hozirda ushbu mahalladagi Esaboy qishlog‘ida joylashgan 27-maktab uchun qo‘shimcha bino va sport maydoni qurish taklifi berilmoqda.

Исломбек Умаралиев
Tayyorlagan Исломбек Умаралиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid