Rossiyaning «suveren internet» siyosati. Mamlakatda G‘arb ijtimoiy tarmoqlarini senzura qilishga bo‘lgan harakatlar qanday kechmoqda?
Google va Meta Rossiya hukumati tomonidan noqonuniy deb hisoblagan kontentni o‘chirib tashlamagani uchun bir necha million dollar jarima to‘lash tahdidiga duch kelmoqda. Taqiqqa tushgan postlarning aksariyati muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq.
2018 yilning yozida Sibir Viking taxallusi bilan ijod qiladigan rus shoiri Facebook’dagi sahifasiga karikatura joylashtiradi. Unda Rossiya gerbidagi ikki boshli burgut aks etgan bo‘lib, qushning boshlari prezident Vladimir Putin va o‘sha paytdagi Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning qiyofasi bilan almashtirib qo‘yilgandi.
Karikatura yonida burgutning boshqalarga qaraganda ikki baravar ochko‘zligi, ikki barobar ko‘p yolg‘on gapirgani va to‘rt ko‘zi bilan odamlarni kuzatayotgani haqidagi qisqa she’r ham bo‘lib, u hissiy hayqiriq bilan yakunlandi: «Ruslar qachon bu yuqumli kasallikni yo‘qotish uchun uyg‘onadi?»
Rossiya hukumati Facebook’dan ushbu post «davlatga, konstitutsiyaga va Rossiya Federatsiyasi prezidentiga nisbatan ochiq hurmatsizlik»ni ifoda etgani bois, olib tashlanishini talab qiladi. Biroq kompaniya rus hukumatining bu talabini bajarmaydi va oqibatda 2 million dollardan ortiq jarimaga tortiladi. Bundan tashqari, 2018 yil davomida Rossiyada G‘arb ijtimoiy tarmoqlariga qarshi 60 dan ortiq da’vo arizalari ko‘rib chiqilgan.
Belgilangan jarimalarning qancha qismi to‘langani aniq emas. Ammo bu harakatlarining o‘ziyoq so‘z erkinligi va siyosiy faoliyatga cheklovlar qo‘yilgan mamlakatda ish yuritish qanchalik qiyinligini anglash uchun yetarli hisoblanadi. Buning eng ayanchli misoli sifatida joriy yilning iyun oyida muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy boshchiligidagi Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasining «ekstremistik» tashkilot sifatida ro‘yxatga olingani haqidagi qarorni keltirish mumkin. BBC maqolasida Rossiyada G‘arb ijtimoiy tarmoqlarini senzura qilishga bo‘lgan harakatlar qanday kechayotgani haqida to‘xtalib o‘tilgan.
Roskomnadzor media regulyatori rahbari Andrey Lipov «Kommersant’» gazetasiga bergan intervyusida ijtimoiy media kompaniyalari «bolalar pornografiyasi, o‘z joniga qasd qilish, giyohvand moddalar, ekstremizm va yolg‘on axborot» tarqatishga qaratilgan kontentlarni sahifalaridan olib tashlashga majbur ekanligi haqida aytgan.
Ammo Google, Facebook, Instagram va Twitter’ga qarshi sudga kiritilgan 600 dan ortiq da’vo arizalari tahlil qilinganda, ulardan atigi to‘qqiztasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik yoki giyohvandlikka , o‘n ikkitasi o‘z joniga qasd qilishga targ‘ib qilgani uchun taqiqlangan. Da’vo arizalarining aksariyat qismi Navalniy tarafdorlarining bo‘lib o‘tadigan namoyishlarda qatnashishga chaqiriqlarini ifoda etuvchi postlardan iborat bo‘lgan.
2021 yilda rus hukumati tomonidan o‘chirib tashlanishi talab qilingan postlar tarkibi
«Roskomnadzor ham, Kreml ham mamlakatda siyosiy senzura bor, deb aytmoqchi emas», - deydi so‘z erkinligiga bosim o‘tkazishga qarshi qaratilgan harakat, Roskomsvoboda guruhining huquqshunosi Sarkis Darbinyan. U rasmiy bayonotlarda bolalarni himoya qilishga urg‘u berilayotganini shunday izohlagan: «Keng ommaga bu kurash nima uchun zarurligini tushuntirish maqsadida ular bolalarning ko‘z yoshlarini ishlatishmoqda».
Ommaviy axborot vositalarini tartibga soluvchi Roskomnadzor BBC’ning bu boradagi so‘roviga javob bermagan. Prezident Vladimir Putinning matbuot kotibi esa, ijtimoiy media kompaniyalariga qarshi ko‘rilayotgan choralar senzura emas, shunchaki Rossiya qonunchiligini tatbiq etishga urinish ekanini aytgan.
Gigant IT kompaniyalarga nisbatan bosimlar 2015 yilda, mamlakat hududida rossiyalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlashga majburlovchi, shuningdek, hukumatga bunday qilmagani uchun ularni jarimaga tortish yoki blokirovka qilish vakolatini beruvchi qonun kuchga kirgan paytdan boshlangandi. G‘arb kompaniyalarining hech biri bu talabni bajarmagan, bu esa 2016 yilda dastlab, LinkedIn'ga cheklovlar joriy qilinishi bilan tugagan.
Qayd etilishicha, 2016 yildan keyingi davrda Rossiya hukumatining Google’ga ma’lum qidiruv natijalarini blokirovka qilish, YouTube’ga esa ayrim videolarni olib tashlash bo‘yicha so‘rovlari ko‘payib borgan. Google hisobotlari shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 10 yil ichida Rossiyaning bu kabi so‘rovlari boshqa har qanday mamlakatlarga nisbatan ko‘proq bo‘lgan va ularning uchdan bir qismi «milliy xavfsizlik» bilan bog‘liqligi aytilgan.
Mamlakatlar kesimida Google yoki YouTube’dan kontentni olib tashlash bo‘yicha qilingan so‘rovlar miqdori (2011-2020)
Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar tarqalishini nazorat qilish harakatlari 2021 yil boshida, muxolifat Aleksey Navalniyning «Novichok» bilan zaharlanib, davolanish uchun Germaniyadagi kasalxonadan Rossiyaga qaytganidan so‘ng yanada tezlashgan.
Navalniy qaytgach, zudlik bilan hibsga olindi. Bu esa Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda norozilik namoyishlari boshlanishiga sabab bo‘ladi, uning tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarni ham bunga da’vat eta boshlaydi.
Natijada Roskomnadzorning tarmoqlarga nisbatan bosimi yanada kuchayadi. Bu harakatlarga birinchi ijobiy reaksiyani Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan, mamlakatdagi uchinchi eng ommabop tarmoq VKontakte ko‘rsatadi va targ‘ibot postlari tezda o‘chiriladi. Ammo G‘arb ijtimoiy tarmoqlari bu talabni bajarishdan bosh tortadi, shu sabab Roskomnadzor ularni sudga berib, jarimaga torta boshlaydi. Navbatdagi qadam sifatida mart oyida, xabarlarni o‘chirishdan bosh tortgani uchun Twitter’ning ishlashi sekinlashtirilib qo‘yiladi. Ayniqsa, rasm va videolar yuklanishida bu yaqqol sezila boshlaydi.
Rossiyada ijtimoiy tarmoqlarning jarimaga tortilishi (2020-2021)
Yil oxirida Google va Apple o‘z do‘konlaridan Navalniy tarafdorlariga mahalliy saylovlarda yagona nomzod uchun birlashishga yordam berishga mo‘ljallangan ovoz berish ilovasini olib tashlashga majburlanadi.
Navalniy jamoasining rahbari Ivan Jdanov bu harakatni «siyosiy senzuraning sharmandali harakati» deya ta’riflaydi.
Keyinroq, Apple hukumat xatining bir qismini Twitter’ga joylaydi. Unda prokurorlar ilova noqonuniy tarzda «saylovga aralashuv»ga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, Roskomnadzor kompaniyani «ekstremistik tashkilot»ni targ‘ib qilayotgani haqida ogohlantirgan.
May oyida mamlakatda Twitter faoliyati qisman tiklangan. Bu holat «noqonuniy» 5900 ta tvitdan 91 foizi o‘chirib tashlangani bilan izohlangan.
Twitter rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, tvitlar faqat rossiyalik foydalanuvchilar uchun o‘chirilgan, mamlakatdan tashqaridagi foydalanuvchilar ularni har doim ko‘rib turish imkoniyatiga ega.
2021 yilning birinchi yarmida Rossiya hukumatining talablariga binoan Facebook yoki Instagram’dagi 1800 ta kontent o‘chirib tashlangan. Kompaniya o‘zining hisobotida ularning yarmini «ekstremizm bilan bog‘liq narsalar» deb tasniflagan. Shu bilan bir qatorda, hukumat talablari necha marta rad etilgani haqida aytilmagan.
Google’ning hisobotida ham rus rasmiylarining talablaridan so‘ng qidiruv natijalari yoki YouTube videolari o‘chirib tashlangani qayd etilgan. Biroq, endilikda bu avvalgiga qaraganda ko‘proqni tashkil qilgan. 2021 yilning birinchi yarmida rasmiylarning atigi 8 foiz so‘rovlari rad etilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning shu davrida 50 foizni tashkil etgan.
Rossiyadagi eng ommabop ijtimoiy tarmoqlar
(Foydalanuvchilar million kishi hisobida)
«Suveren internet» siyosati
Rossiyada ijtimoiy media kompaniyalari faoliyatini blokirovka qilish uchun texnik vositalar va bu ishlarni asoslash mumkin bo‘lgan qonunlar mavjud. Xususan, ular Rossiyada rossiyalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlamaganliklari yoki zararli kontentni o‘chirishdan bosh tortganliklari uchun qonuniy ravishda bloklanishi mumkin. Kelgusi yildan boshlab esa mamlakat ichkarisida idorasi yo‘q kompaniyalarni ham bloklash mumkin bo‘ladi.
Biroq o‘tgan yilning oxirida Rossiyada noqonuniy kontentni o‘chirib tashlamaganlik uchun yangi, kuchaytirilgan jazo choralari joriy qilingan edi va 24 dekabrda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan sudda Google ham, Meta ham yillik daromadining 10 foizi miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
«Biz bu jarimalarga hali murojaat qilganimiz yo‘q, lekin, albatta, shunday qilamiz», degan Roskomnadzor rahbari Andrey Lipov «Kommersant’»ga bergan intervyusida.
Meta o‘zining Rossiyadagi daromadini oshkor qilmagan. Google esa o‘tgan yili 1 milliard dollarga yaqin daromad qilgan. Bu esa uning 100 million dollar jarima to‘lashi mumkinligiga ishora qiladi.
Roskomnadzorning ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan sobiq amaldorining BBC’ga ma’lum qilishicha, u G‘arb kompaniyalariga nisbatan yangi jarimalar qo‘llanishiga mutlaqo ishonadi.
Ma’lumot uchun, Roskomnadzorning 42 yoshli rahbari Andrey Lipov Rossiya internetini global internetdan mustaqil qilish va uni tashqaridan o‘chirib qo‘yishning oldini olishga qaratilgan «suveren internet» siyosati mualliflaridan biri hisoblanadi. Bu tizim 2019 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, internet orqali kelayotgan ma’lumotlarni tekshirish va mamlakat qonunchiligiga mos kelmaydiganlarini Deep Packet Inspection (DPI) qurilmasi yordamida cheklash va blokirovka qilishni amalga oshiradi. Aynan shu tizim orqali 2021 yil mart oyida Twitter sekinlashtirib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham 5ta internet platformasi: TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘yilgan. Bunga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Shu yil 16 apreldan kuchga kirgan qonunda shunday talab belgilangan. 3 noyabr kuni yuqoridagi vaj bilan Telegram, Facebook, Instagram, YouTube va Odnoklassniki tarmoqlari ham bloklandi va bu jamiyatda keskin rezonans uyg‘otdi. Shu kunning o‘zida bu harakat prezident bilan kelishilmagan holda, Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i asosida qilingani aytildi va tarmoqlarga ulanish tiklanib, qator mas’ullar ishdan olindi.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024