Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada hududiy rahbarlarni prezident deb atash qonun bilan taqiqlandi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya sub’yektlarida boshqaruvni tashkil qilish to‘g‘risida» qonunni imzoladi.
Endilikda hududiy rahbarlar ikki martadan ortiq ham gubernatorlikka saylanishi mumkin. Avval ular xuddi mamlakat prezidenti kabi ikki martadan ko‘p saylanishga haqli emasdi. Yangi qonunda bu cheklov olib tashlangan.
Yangi qonunga ko‘ra, endi hududiy rahbarlar prezident deb atalmaydi. Ular gubernator lavozimi atalishini mahalliy qonunchilik asosida o‘zgartirishlari mumkin, faqat birgina istisno bilan – hududiy rahbarlarni prezident deb atash taqiqlanadi. Qonun «hududiy boshqaruv tizimini takomillashtirish» uchun qabul qilingani aytilgan.
Amaldagi Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Rossiya prezidenti hududiy gubernatorlarni «ishonchni yo‘qotgani» sabab ishdan ketkaza olardi. Shuningdek, mahalliy kengash ishonchsizligi gubernator iste’fosiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Yangi qonunga ko‘ra, Rossiya prezidenti hududiy rahbarlarni har qanday sabab bilan egallab turgan vazifasidan ozod qilishi mumkin.
Shuningdek, gubernatorlarning hudud rahbarligida qancha muddatga saylanishini mahalliy kengash hal qiladigan bo‘ldi. Avval bu muddat bir xil – 5 yil qilib belgilangan edi. Yangi qonunda hududiy normativ hujjatlar Rossiya konstitutsiyasi va federal qonunlarga zid bo‘lmasligi alohida belgilangan.