Jamiyat | 17:48 / 06.01.2022
1595
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda o‘t o‘chirgichni portlatgan shaxs 15 sutkaga qamaldi

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yil 1 yanvar kuni fuqarolardan biri Sirdaryoda o‘t o‘chirgichni portlatgani tasvirlangan video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, huquqbuzar ushlangan va unga ma’muriy chora ko‘rilgan.

Ma’lum qilinishicha, viloyat IIB va DXX boshqarmalari hamda Milliy gvardiya xodimlaridan iborat tezkor guruh tashkil etilib, huquqbuzar tezda topilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, o‘t o‘chirgichni Sirdaryo viloyati Do‘stlik mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zi yashaydigan mahalla hududida portlatgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 va 185-moddalari bilan hujjatlar to‘planib, sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumani sudi tomonidan bo‘lib o‘tgan sayyor sudda mazkur huquqbuzarlik keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingan. Huquqbuzarga sud qarori bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvar kuni soat 00:45 larda Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yo‘lning qatnov qismida o‘t o‘chirgich portlatilishi oqibatida 3 kishi jiddiy tan jarohatlari olgandi.

Mavzuga oid