Jahon | 19:47 / 20.01.2022
24964
11 daqiqa o‘qiladi

Eron bilan yadro kelishuvi: muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirgan, Yaqin Sharq eng yomon ssenariyga tayyorlanmoqda

G‘arblik diplomatlar Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni yangilash vaqti o‘tib borayotganidan xavotirda. Vaqt-ku hali o‘tib ketgani yo‘q, lekin tomonlar yanvar oyi yakuniga qadar kelisha olmasa, keyingi muzokaralar puchga chiqishi mumkin. Bitimga kelinmasa, Yaqin Sharq navbatdagi muammo girdobiga tushib qolishi ehtimoli yuqori.

Tehron. Sobiq AQSh elchixonasi devoridagi graffiti. Eronda yadro dasturi bo‘yicha kelishuv yakuniga ko‘ra mamlakatdan iqtisodiy sanksiyalar olib tashlanishiga umid qilishmoqda. Foto: Getty Images

Venada «4+1» formatidagi muzokaralar noma’lum muddatga to‘xtab qolgan. Unda AQSh, Britaniya, Germaniya va Fransiya bir tomonda, Eron bir tomonda turib muzokaraga kirishgandi. Diplomatlar o‘z hukumatlari bilan maslahatlashgach, ortga qaytishdi. Muzokaralarning to‘qqizinchi raundi shu hafta oxirida boshlanishi kerak, ammo ishtirokchilarning aksari ijobiy natijaga erishish mumkinligiga shubha bilan qaray boshladi.

Kompleks harakatlar rejasi deb nomlanmish Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv 2015 yil Barak Obama administratsiyasi hamda Eron o‘rtasida imzolangan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Eron AQSh tomonidan iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadro dasturini rivojlantirmasligi kerak edi. Bu esa amalda Eron yadro dasturini muzlatishga xizmat qilardi.

2018 yilda AQShning 45-prezidenti Donald Tramp Eron yadro dasturidan voz kechmagani, aksincha uni rivojlantirayotganini iddao qilib, AQShni kelishuvdan olib chiqib ketdi. Shundan buyon Eron AQSh bilan yanada yovlashib qolgan. Oq uy rahbarligiga kelgan Jo Bayden esa tomonlar tezda yana muzokaralar stoliga o‘tirishi kerakligini aytgandi. Biroq g‘arblik ekspertlar bu borada muvaffaqiyatli yechimga kelish deyarli imkonsiz ekanini aytishmoqda.

O‘tgan hafta juma kuni Yevropa Ittifoqi davlatlarining tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi sammitda Eron yadro dasturi ham muhokama qilindi. Unda ishtirok etgan Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv le Drian Tehron bilan muzokaralar odamni qiynaydigan darajada cho‘zilib ketganini ta’kidlagandi. «Xullas, hozir vaziyat shunaqa: yoki [AQSh va Eron o‘rtasidagi] kelishuvga qaytiladi yoki biz Eron dasturi ko‘rinishidagi jiddiy inqiroz o‘rtasiga tushib qolganimizni tan olishga majbur bo‘lamiz», degandi Fransiya TIV rahbari.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Eron tez orada o‘zining yadro qurolini yasashga kirishadi va bu boradagi muzokaralar mantiqsiz bo‘lib qoladi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun amalda yana ikki hafta qolganini aytdi.

Bu Eronning makkor rejasimi?

Venadagi muzokaralarda AQSh tomonidan mamlakatning Avstriyadagi diplomatik missiyasi vakillari ishtirok etishdi. Aftidan, Eron muzokaralarda AQShning yuqori mansabli siyosatchilarini kutgan, chunki ularning kelishuvga qaytish bo‘yicha asosiy shartlari aynan amerikaliklarga tegishli edi. Eronning nazdida AQSh «muzokaralarni mensimay» Venadagi diplomatlarini yuborib qo‘ya qolgani ularning jahlini chiqargan va bu muzokaralarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

Yadro kelishuviga ko‘ra Eron 15 yil ichida uran zaxirasini 98 foizga (300 kg.gacha) kamaytirishga va’da bergan. Foto: Getty Images

Ammo g‘arblik diplomatlar boshqacha gapirmoqda. Ularning fikricha, aslida Eron kelishuvga qaytmoqchi emas, bunga harakat ham qilmayapti. Bunga misol sifatida Venadagi muzokaralarning yettinchi raundida qayd etilgan holat misol qilib keltirilgan. Unda Eron tomoni oldingi oltita raundda o‘zaro kelishilgan kompromisslardan bosh tortgan.

Tahlilchilar fikricha, 2018 yil Trampning tashabbusi bilan yadro kelishuvi bekor qilingach, Eron yadro dasturini rivojlantirishga shunchalik zo‘r berganki, hozir ular vaqtdan yutish maqsadidagina muzokaralarni ortga surmoqda.

Aslida Eron yadro kelishuviga qaytish evaziga qator iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinishi ko‘rinishida katta mukofot oladi. Bir necha yil avval xalqaro sanksiyalar iqtisodini holdan toydirgan Eron uchun bu eng ko‘p xohlagan narsasi bo‘lishi mumkin edi. Biroq hozir vaziyat boshqacha va ekspertlar fikricha, bu borada Fransiya tashqi ishlar vaziri haq. Eron yadro dasturini yakunlashga yaqin kelib qoldi. O‘z yadro quroliga ega bo‘lsa, Eron uchun iqtisodiy sanksiyalar ikkinchi darajali bo‘lib qoladi.

Qator kuzatuvchilar ortga qarab, Eron boshidan faqat vaqtni cho‘zishga harakat qilgan, degan xulosaga kelgan.

Birinchidan, Eronni uzoq davom etgan harakatlardan keyin, 2021 yil oxiriga kelibgina muzokaralar stoliga o‘tirishga ko‘ndirishdi. Keyin Eron vakillari Venaga bajarish deyarli imkonsiz bo‘lgan shartlar bilan bordi.

Xususan, ularning talablari orasida kelishuvni Oq uyda kelajakda keladigan barcha administratsiyalar sharsiz bajarishi bo‘yicha band ham bor edi. Demokratlar va respublikachilar orasidagi doimiy ziddiyat inobatga olinsa, bu deyarli imkonsiz talab. Ammo Eronni ham tushunish mumkin, ular oldingi safar AQShning demokrat prezidenti imzolagan kelishuvdan respublikachi prezident chiqib ketishi ortidan «devorni ushlab qolgandi».

Shuningdek, Eron muzokaralar davomida o‘z raketalari va minaqadagi faoliyatini muhokama qilish haqida gap bo‘lmasligini bildirdi. G‘arb esa Eron yadro dasturi va Yaqin Sharq masalasini birga muhokama qilishni istaydi.

Eron markaziy nashrlari mamlakat AQSh bilan erishilgan kelishuvga qaytishdan manfaatdor ekani, bu uchun esa AQShdan jiddiy kafolat kutayotganini yozyapti. Ularda qayd etilishicha, Eron hukumatida muzokaralarning to‘qqizinchi raundida kelishuvga erishilishiga ehtiyotkor optimizm bilan bo‘lsa-da umid qilishmoqda.

Bu qanday kafolat bo‘ldi?

Eron tomonining iddao qilishicha, ular yadro kelishuvi bo‘yicha gardaniga olgan talablarni bajarayotganini tekshiruvchi butun boshli AEXA (Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik) tashkiloti bor, ammo G‘arbning va’dalarini bajarayotganini hech kim nazorat qilmaydi. Eron buning isboti sifatida 2018 yil AQSh kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketganini keltirgan. «AQShdek ishonib bo‘lmaydigan davlat kelishuvdan chiqib ketmasligini ta’minlovchi aniq kafolat kerak», degandi Eron tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohyan.

G‘arblik diplomatlar Eronning talablarini qisman tan olib, shu hafta yakunida tiklanajak muzokaralarda ulardan aniq taklif kutishyapti. Variant sifatida AQSh Moliya vazirligi qoshidagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi keltirilmoqda. Aynan shu tashkilotga Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha jarayonni ishonib topshirish mumkin, deb hisoblashyapti. Ammo Eron AQSh sanksiyalarini bekor qilish jarayonini AQSh tashkiloti nazorat qilishiga rozi bo‘lishi qiyin. Bu borada G‘arbning harakatlarini nazorat qiluvchi alohida tashkilot tuzishga esa vaqt yo‘q.

Muzokaralarni tezlatish uchun yana bir ssenariy ko‘rib chiqilmoqda: AQSh birinchi qadam sifatida Eronga qarshi qator sanksiyalarni bekor qilishi mumkin. Ammo Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri rasmiy muzokara ham olib bormayotgan Oq uydan bunday himmatni kutish qiyin.

Yaqin Sharq jiddiy o‘zgarishga tayyorlanmoqda

Eron yadro dasturi atrofidagi mujmal muzokaralar hududda tahlikani kuchaytirgani tabiiy. Isroil mintaqadagi o‘zining asosiy dushmani deb qaraydigan Eron yadroviy qudratini oshirishiga qo‘l qovushtirib qarab turmoqchi emas. Isroil bosh vaziri Naftali Bennet mamlakat Eronga qarshi Venadagi muzokaralar yakunlari qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar mustaqil harakat qilish huquqini saqlab qolishini eslatdi. «Isroil Kompleks harakatlar rejasi kelishuviga kirmaydi va uning qoidalariga bo‘ysunmaydi», dedi Bennet.

Eronning Arak shahrida og‘ir suv ishlab chiqarish zavodi. Oldingi kelishuvga ko‘ra Eron bu zavod hajmini kichraytirib, plutoniy ishlab chiqarishni kamaytirishga va’da bergandi. Foto: Getty Images

O‘z navbatida, Isroil AQShning kelishuvdan chiqib ketganini olqishlagandi, chunki bu davlat Eron o‘ziga yuklatilgan talablarni hech qachon bajarmaydi deb hisoblaydi. Isroil tomoni rasman o‘z qarashlarini o‘zgartirmagan, isroilliklar AQSh va Eron o‘rtasidagi yadro kelishuvi Isroil xavfsizligi uchun tahdid deb biladi.

Isroil Eron mavzusida mintaqadagi yana ikki gigant – BAA hamda Saudiyaning qo‘lloviga ishonmoqda. Isroil Trampning vositachiligida ular bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatib olgandi. Bu ikki davlat Eron bilan dushmanlik kayfiyatida. Ya’ni, Yaqin Sharqdagi AQShning barcha ittifoqchilari Eron bilan yadro kelishuvi bo‘yicha Vashington pozitsiyasiga muxolif tomonda turib qoldi. Ammo yana bir narsani unutmaslik kerakki, Bayden Tramp Yaqin Sharq davlatlari bilan o‘rnatgan iliq munosabatlarni saqlab qolishni va’da qilgani yo‘q. Bayden barcha bilan munosabatlar chegarasini mustaqil o‘rnatmoqchi.

G‘arbning har qanaqasiga Eron bilan yadro kelishuviga qaytishga urinayotgani Tel-Aviv, Ar-Riyod va Abu Dabini xavotirga solyapti.

O‘tgan yilning dekabrida Isroil bosh vaziri Naftali Bennet BAAga borib, mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad ibn Zayd ibn Sulton An-Nahayon bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Bu Isroil davlat rahbarlarining BAAga birinchi tashrifi sifatida tarixga kirgan. O‘shanda tomonlar Eron tahdidiga qarshi turishda hamkorlik qilish borasida ham fikr almashgandi.

Ammo Isroilning o‘zida ham Kompleks harakatlar rejasi kelishuvi unchalik yomon narsa emasligi va urushning oldini olishga xizmat qilishini aytayotgan harbiy ekspertlar topiladi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yadro kelishuviga qaytish xavfsizlik bo‘yicha nafaqat Yaqin Sharqning, balki AQShning ham talablariga javob berishini aytdi. «Agar o‘xshamasa, boshqa qadamlarni ko‘ramiz», dedi Blinken «boshqa qadam» deganda nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmay. Ekspertlarning fikricha, gap harbiy harakatlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid