O‘zbekiston | 08:34 / 25.01.2022
3205
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi kuchli qor tufayli Uzbekistan Airways’ning qator reyslari qoldirildi

Turkiyadagi kuchli qor tufayli Uzbekistan Airways’ning qator reyslari qoldirildi. Bu haqda aviakompaniya xabarida aytilgan.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, Istanbul xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti (kuchli qor, ko‘rishning yetarli darajada emasligi) tufayli, faqat 2022 yil 25 yanvar kungi HY–271 Toshkent – Istanbul reysi vaqti soat 07:40 dan soat 13:00 ga ko‘chirildi.

Shuningdek, Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-072 reysi vaqti soat 12:30 dan soat 17:50 ga ko‘chirildi (Istanbul vaqti bilan).

Shuningdek, Urganch – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-056 reysi vaqti soat 16:20 dan soat 20:05 ga o‘zgartirildi.

Avvalroq, qor bo‘roni tufayli Turkiyaning Istanbul aeroportidan barcha aviaqatnovlar noma’lum muddatga bekor qilingandi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi axborotiga ko‘ra, aeroportga borish avtomobil yo‘llari ham kuchli qor sababli yopilgan.

“Bosh konsulxona fuqarolarimizdan vaziyat ijobiy o‘zgarishiga qadar aeroportga bormaslikni iltimos qiladi. Uchoqlarning o‘zgargan vaqtini aniqlab borish tavsiya qilinadi”, deyiladi diplomatik vakolatxona e’lonida.

Turkiyaning aksar hududlarida o‘tgan haftadan buyon kuchli qor yog‘moqda. Natijada yo‘llarda harakatlanish qiyinlashgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid