O‘zbekiston | 08:02 / 29.01.2022
7727
4 daqiqa o‘qiladi

Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganlarga mukofot to‘lanadi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat bilan maxsuc dastur orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlanganligi holatlari bo‘yicha soliq organlarini xabardor qilgan jismoniy shaxslarga mukofot to‘lash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari bo‘yicha soliq organlarini xabardor qilish soliq organlarining “Soliq hamkor” maxsus axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari soliq organlarini maxsus dastur orqali xabardor qilgan jismoniy shaxslar uchun bir martalik pul mukofoti shaklidagi rag‘batlantirish belgilanadi.

Jismoniy shaxslarga aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari uchun bir martalik pul mukofotini to‘lash O‘zbekiston milliy valutasida amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslarga bir martalik pul mukofotini to‘lash xaridorlarga chek yoki unga tenglashtirilgan hujjatlarni taqdim etmasdan tovarlarni sotish va xizmatlarni ko‘rsatish holatlari to‘g‘risida yoki qalbaki markirovkalardan foydalanish yoki identifikatsiya qilish vositalari orqali majburiy raqamli markirovka talab etiladigan mahsulotlarda markirovka mavjud emasligi holatlari to‘g‘risida hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlar to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilganlik uchun amalga oshiriladi.

Aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari uchun bir martalik pul mukofoti tarzidagi rag‘batlantirish Soliq kodeksining 221-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan soliq huquqbuzarliklari uchun belgilangan jarimalarning yigirma foizi miqdorida belgilanadi.

Maxsus dastur orqali aniqlangan soliq huquqbuzarliklari faktlari to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilgan jismoniy shaxsga to‘lov aybdor shaxs tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan jarima to‘liq to‘langanidan keyin amalga oshiriladi.

Mukofotlarni moliyalashtirish aybdor shaxsdan undirilgan jarimalari hisobiga quyidagi tartibda amalga oshiriladi: undirilgan jarimaning 20 foizi jismoniy shaxsga to‘lab beriladi; undirilgan summaning 80 foizi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat budjeti va Soliq qo‘mitasining moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi o‘rtasida taqsimlanadi.

Mukofotlash quyidagi shartlarga bir vaqtda amal qilgan holatda amalga oshiriladi: agarda jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa va aybdor shaxsga nisbatan soliq organi yoki sudning javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirgan bo‘lsa; aybdor shaxs tomonidan qonunchilikda ko‘zda tutilgan jarimani to‘lash to‘liq amalga oshirilgan bo‘lsa.

Aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari bo‘yicha xabardor qilish soliq organlarining maxsus dasturi orqali quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi: sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarligi; soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami; soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan sana.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid