28 yanvarga o‘tar kechasi ro‘y bergan navbatdagi otishmada kamida ikki kishi halok bo‘lgan. / ​​​​​​Foto: Isfara shahri hokimligi matbuot xizmati

SSSRning tarqalishi dastlabki yillarda u qadar sezilmagan. Chegaralar ochiq bo‘lgan, ko‘pchilik endi boshqa davlat hududiga o‘tib qaytayotganini bilmagan hatto. Asta-sekin dastlab xavfsizlik, keyin iqtisodiy nuqtayi nazardan chiziqlar tortildi, chegaralar mustahkamlandi, tikanli simlar va askarlar paydo bo‘ldi. Ana shunday bir paytda kechagina bir davlat nomi ostida yashab kelganlarning o‘zaro chegara tushunchasi turlicha ekani ayon bo‘lib qoldi va mojarolar ham ko‘p kuttirmadi.

Bunday ziddiyatlar possovet hududida bir necha soatlik tosh otishlar va mushtlashishlardan, uzoq davom etgan haqiqiy urushlar ko‘rinishiga qadar kuzatilgan. Arman-ozar chegarasidagi mavhumlik bir necha bor haqiqiy urush va qon to‘kishlar bilan tarixga muhrlangan bo‘lsa, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ziddiyatlar so‘nggi yillarda ancha tez-tez va tobora kuchliroq namoyon bo‘lmoqda

Foto: Jenslh Aldarov RFE/RL
  • Delimitatsiya – davlatlar o‘rtasida bahsli hududlar bo‘yicha kelishuvga erishish va hujjatlar tasdiqlanishi;
  • Demarkatsiya – delimitatsiya asosida chegaralarni fizik belgilar yordamida ajratish, ya’ni panjara tortish, belgilar qo‘yish, chegarachilarni joylashtirish va masalaga yakuniy nuqta qo‘yilishi.

Bu ziddiyatlar sabablari turlicha:

1. Birinchi va eng asosiy sabab – tomonlar uchun chegara degan tushunchaning asli mavhumligi, har bir taraf o‘zicha talqin qilishida.

2. Markaziy Osiyo davlatlari qardoshlik, hamjihatlik va totuvlikka harakat qilsalar-da, baribir milliy adovat saqlanib qolgan holatlar ham ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa turkiy tilli qirg‘izlarning ba’zilari va forsiyzabon tojiklardan ayrim kishilar ko‘zdek qo‘shni bo‘laturib, bir-birlarini mutlaqo tan olmaganlari holda kamsitishga, imkon borida tig‘ sanchib olishga urinishlari bor gap;

3. Davlatlar boshqaruvida ham keskin tafovut ko‘zga tashlanadi. Biri o‘taketgan demokrat qiyofasida biror murosaga kelishni istamaydi, oldingi rahbar imzo chekkan hujjatni keyingisi tan olmaydi, yana biri esa avtokratik boshqaruv usulini qo‘llab, kimningdir oldida bosh egishni tasavvur qilmaydi;