O‘zbekiston | 12:03 / 04.02.2022
1038
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda mashina boshqaruvi vaqtida telefondan foydalangan YPX xodimiga chora ko‘rildi

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati IIB YHXB xodimining mashina boshqaruvi paytida telefondan foydalangani aks etgan video tarqaldi. IIV YHXBB axborot xizmati mazkur xodimga chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Qamashi tumanida xizmat vazifasini olib borayotgan tuman IIB YHXB xodimi G.Q. xizmat mashinasini boshqarayotib uyali telefondan foydalangan. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach xodimning xatti-harakati keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Qayd etilishicha, video Qashqadaryo viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan o‘rganilib, Qamashi tumani IIB YHXB xodimi G.Q.ga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, prezident tomonidan 2021 yil 30 noyabr kuni imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir necha moddalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi qonun bilan:

  • transport old qismiga monitor o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilindi;
  • haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin bo‘ldi;
  • 4 turdagi huquqbuzarlik (transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqargani; yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik; pasport tizimi qoidalarini buzganlik; fuqarolar tomonidan valuta qiymatliklarini noqonuniy olganlik yoki o‘tkazganlik) uchun jarima miqdori kamaytirildi;
  • tezlik oshirib yuborilganda radarda qayd etilgan tezlikdan 5 km/soat ayirib jazo qo‘llanishi belgilandi;
  • 2022 yil 1 martdan boshlab haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlarni, ishonchnomani, sug‘urtani yonida olib yurishi talab etilmaydigan tartib o‘rnatish nazarda tutildi.
Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid