Fransiya prezidenti muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida o‘zi va Putin yaqinlashuvning ayrim muayyan nuqtalari hamda keskinlikni yumshatish yo‘llarini muhokama qilishgani, u bu masalalarni endi Kiyev, Vashington hamda YeI va NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan ham gaplashishini aytib o‘tdi. Makron aynan qaysi nuqtalar va usullarni nazarda tutganini aniqlashtirmadi, faqat bu takliflar taqdiri yaqin vaqtlar ichida hal bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
«Keyingi bir necha kun hal qiluvchi kunlar bo‘ladi va biz birgalikda intensiv muzokaralar olib borishimiz talab etiladi», degan Fransiya prezidenti Putin bilan muzokaradan keyin.
Rossiya yetakchisi ham aynan qaysi masalalar haqida gap ketayotganini ochiqlamagan, ammo u Makronning takliflaridan ayrimlarini istiqbolli deb atagan. «Ehtimol bu haqda gapirishga hali ertadir, lekin uning qator g‘oyalari, takliflarini, menimcha, keyingi birgalikdagi qadamlarimiz asosiga aylantirish mumkin», degan Putin.
Fransiya prezidenti muhim masalalarda, masalan, NATOning ochiq eshiklar tamoyili bo‘yicha Putin bilan ixtiloflar saqlanib qolayotganini aytgan. Rossiya Shimoliy Atlantika alyansi Ukrainani (Gruziyani ham) safiga qabul qilmasligi bo‘yicha majburiyat talab qiladi, ammo NATO va unga a’zo bo‘lishga intilayotgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari bu talabni qat’iyan rad etib, tashkilotga kirish yoki kirmaslik masalasi muayyan suveren mamlakat va blok o‘rtasida o‘zaro hal qilinishini aytadi.
O‘zaro tushunmovchiliklar haqida Putin ham gapirdi. U NATO va AQSh yo‘llangan yozma javobda Rossiyaning muhim talablarini inkor etganini yana bir bor ta’kidladi. «Barcha muhim masalalarda - NATOni kengaytirmaslik, chegaralarimiz yaqinida zarbdor tizimlarni joylashtirmaslik, NATO infratuzilmalarini 1997 yilgi chegaralarga qaytarish - nafaqat pozitsiya yo‘q, hatto javob yo‘q: ha yoki yo‘q. Biz u yerda savollarimizga javob emas, faqat siyosiy klishelar ko‘rdik», - degan Putin.
Rossiya prezidenti yadroviy urush boshlansa, unda g‘oliblar bo‘lmasligini ta’kidlagan.
«Ular NATO — mudofaa tashkiloti, deya Rossiyani ishontirishga urinmoqda, ammo Iroq, Liviya, Afg‘oniston va Serbiya aholisi bu borada allaqachon ishonch hosil qilgan. NATOning harbiy strategiyasida Rossiya bevosita raqib deb atalgan. Ular negadir bizning harbiylar o‘z hududimiz bo‘ylab harakatlanishini tahdid deb biladi va shuning uchun do‘stona bo‘lmagan siyosat yuritadi. Ular Ukrainani qurol-yarog‘ bilan shishirmoqda. Kiyev esa Minsk kelishuvlariga rioya etishni istamasdan, rusiyzabon aholini kamsitmoqda. Ular Poroshenkoni ham ta’qib qilmoqda, ammo biz unga siyosiy boshpana berishga tayyormiz. Agar Ukraina NATOga qo‘shilsa va Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarib olsa, Yevropa davlatlarining barchasi o‘zi istamagan holda mojaroga jalb etiladi. Agar yadroviy urush boshlansa — g‘oliblar bo‘lmaydi. Ukraina Minsk kelishuvlariga rioya etishi kerak: yoqadimi, yoqmaydimi — chidash kerak, go‘zalim. Biz NATOdan 30 yildan beri so‘raymiz — unday qilmang, bunday qilmang, ammo bizni shunchaki ignor qilishmoqda. Hozir esa ular takliflarimizga javob yuborishdi, ammo unda ham barcha asosiy savollar ignor qilingan», degan Rossiya rahbari.




















