Jamiyat | 20:32 / 09.02.2022
34869
13 daqiqa o‘qiladi

«Yuqoriga qaramang» - ozchilik manfaati ustunligi sabab sodir bo‘lgan Yer halokati haqida film

 «Yuqoriga qaramang» (Don’t look up) filmida, aslida, yuqoriga qarash kerak. Olimlar juda aniqlik bilan Yerga ulkan kometa yaqinlashib kelayotgani, tezroq chora ko‘rish zarurligi haqida bong urishadi. Biroq siyosiy doiralar bu xabarni o‘z manfaatlariga moslashtirishga urinadi, oddiy odamlar esa uni e’tiborsiz qoldirib, taniqli qo‘shiqchining shaxsiy hayotiga ko‘proq qiziqish bildiradi. Oqibati esa...

Foto: Netflix

Satira yo‘nalishida ishlangan Amerika ilmiy fantastik filmi 2021 yil dekabrida Netflix tomonidan namoyish etildi. 2,5 soatga yaqin (138 daqiqa) davom etuvchi filmga 75 mln dollar sarflangan. Film namoyish qilingan sanadan buyon xalqaro miqyosda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Film nima haqida?

Film mashhur filmmeker Adam MakKey tomonidan suratga olingan. Hollivudning taniqli aktyori va ekofaol Leonardo Di Kaprio hamda aktrisa Jyennifer Lourens bosh rollarni ijro etgan.

Foto: Netflix

Bosh qahramonlar – astronomlar, ular 6 oydan so‘ng Yerga juda yirik hajmli kometa kelib urilishini va oqibatda butun sayyorada hayot to‘xtashini aniqlashadi. Kometa shunchalik xavfli va uning mavjudligi yuqori aniqlikda ediki, astronomlar uning galaktikadagi ko‘rinishini suratga olishga ham erishadi. Biroq bu ilmiy faktga, olimlarning chaqirig‘iga AQSh prezidentidan tortib jurnalistlar, siyosatchilar va oddiy odamlargacha befarq bo‘lishadi. Oqibatda, astronomlar aytgan yo‘nalishda choralar ko‘rilmaydi va ular muttasil inkor qilinib, Yer halokatga mahkum etiladi.

Fakt aniqlangach, astronom Rindall Mindi (Leonardo Di Kaprio) va uning assistenti, aspirant Keyt Dibiaski (Jyennifer Lourens) prezident Jyeni Orlean (Meril Strip) qabuliga kirishadi va Yerga xavf solayotgan kometa haqida aytib, 6 oydan so‘ng u Tinch okeaniga qulashi mumkinligi, oqibatda butun planeta bo‘ylab 10-11 ballik zilzilalar sodir bo‘lib, insoniyat halokatga yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirishadi. Chora sifatida esa dronlarni yadro qurollari bilan jihozlab, ular yordamida kometaning orbitadagi yo‘nalishini o‘zgartirishni taklif qilishadi. Biroq o‘z prezidentlik saylovi kampaniyasi bilan band bo‘lgan prezident olimlarni jiddiy qabul qilmaydi.

Foto: Netflix

Noiloj qolgan astronomlar televideniyeda jonli efir orqali yangilikni odamlarga e’lon qilishadi. Biroq reaksiya – ular kutgandekmas. Astronomlarning Yer xavf ostida ekani haqida aytgan yangiligidan ko‘ra o‘sha kungi jonli efirda o‘z sevgani bilan qayta topishgan mashhur qo‘shiqchi ayolning shaxsiy hayotidagi voqea odamlarni o‘ziga mahliyo qiladi va reytingi top darajaga chiqadi.

Sal keyinroq prezident astronomlarni chaqiradi va kometa yo‘nalishini o‘zgartirish operatsiyasiga start beradi. Biroq – prezident xonimning maqsadi dunyoni qutqarish emas, o‘z reytingini ko‘tarib olish edi.

Shunday qilib faqat tashqi ko‘rinishi mos bo‘lgan, astronomiyaga esa umuman aloqasi bo‘lmagan bir qahramon operatsiyani boshqaruvchi etib tayinlanadi (aslida, kometa yo‘nalishini o‘zgartirishni masofadan boshqariladigan texnologiyalar orqali ham qilish mumkin, lekin qahramon bilan hammasi pafosliroq chiqadi). Biroq raketalar uchirilganidan so‘ng ular yarim yo‘lda qaytariladi.

Sababi Oq uyga yaqin bo‘lgan, dunyoning 3-raqamli badavlat odami, BASH texnokorporatsiyasi egasi Piter Ishervel (Mark Raylens) kometada 140 mln dollar qiymatdagi minerallar va metallar borligi, ular telefon va gadjetlar ishlab chiqarish uchun o‘ta kamyob ekanligini ma’lum qiladi. Ishervel bitta katta kometa Yer uchun xavfli ekani, biroq uni 30 ta kichik asteroidga parchalab yuborish mumkinligi, shunda asteroidlar tezligi pasayib, zararsiz tarzda Tinch okeaniga qulashi va so‘ng ularni o‘zlashtirish mumkin bo‘lishini aytadi.

Buning uchun Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan olimning texnologiyasi ishlatilishi ma’lum qilinadi. Yana eng muhimi, kometani o‘zlashtirish ochlik, ijtimoiy tengsizlik kabi muammolarni butunlay hal qilishi da’vo qilinadi. Lekin modellashtirilgan texnologiya qanchalik aniqlikda ishlay olishi ilmiy jihatdan ko‘rib chiqilmagandi va ko‘rib chiqilmaydi ham. Yerga yaqinlashib kelayotgan xavfga tavakkal qilish aspirant qiz Keytni aqldan ozdiray deydi va u Yerni qutqarish operatsiyasidan voz kechadi.

Fanni istisno qilib biznes ko‘zi bilan boshlangan operatsiya muvaffaqiyatsizlikka uchragach, oxirgi lahzalarda yuqori doira vakillari maxsus kosmik kapsulalarda boshqa sayyorada jon saqlash uchun uchib ketishadi va ming yillar o‘tib Yerga qaytib kelib tabiatdagi o‘zgarishlar sabab halok bo‘lishadi.

Iqlim o‘zgarishi muammolari va kometa

«Kinokono» blogi muallifi «Yuqoriga qaramang» filmida Yer yuzi yo‘q bo‘lib ketish arafasida bo‘lishiga qaramay «katta» odamlar o‘z cho‘ntagini o‘ylashi, hukumat qarorlariga ta’sir o‘tkaza olishini absurd sifatida qayd etadi.

«Davlat biz o‘ylaganchalik xalqniki emas, shunchaki boylarniki demoqchi bo‘lishgandek», deb yozadi muallif.

Xalqaro nashrlarda esa «Yuqoriga qaramang» filmida iqlim o‘zgarishlari muammolari dolzarbligi ko‘rsatilgan, degan tahlillar ko‘plab berilmoqda.

Kinoda go‘yo global isish muammolarining oldini olish ishlarini qilishga qodir bo‘lganlar qanday qilib qasddan harakat qilishdan qochishlari va manfaatdor shaxslar jamoatchilikni chalg‘itishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Foto: Netflix

Masalan, bir tasavvur qilib ko‘rsak, iqlim o‘zgarishi Yer sayyorasiga qanchalik xavf solayotganini hamma ko‘rib turibdi, biroq keskin choralar ko‘rish hanuz orqaga surilmoqda.

Lekin film bilan real hayotda bitta farq bor: kometaning Yerga urilishiga qarshi odamlar biror keskin harakat qila olmasalar-da, iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun hamma nimadir qilishi mumkin.

Film orqali ilm-fanni inkor qiluvchi o‘ylab topilgan 5ta afsonani va ularning zararli ekanini sanab o‘tish mumkin.

Hammasi 100 foiz aniq bo‘lishi kerak

Astronomlar prezident Orleanga kometa haqidagi ma’lumotlarni yetkazishganda u birinchi bo‘lib «Bu qanchalik aniq?» degan savolni beradi. Astronomlar esa «99,78 foiz» degan javob qilishadi. Shunda prezidentning o‘g‘li, prezident administratsiyasi rahbari Jyeyson Orlean (Jon Hill) «Xayriyat, 100 foiz emas ekan-ku», deya yengil tortadi. Astronomlar bilan birga kelgan hukumat olimi Teddi Ogltorp (Rob Morgan) «Olimlar 100 foiz aniqlikni yoqtirishmaydi», deb javob beradi.

100 foiz aniqlikni da’vo qilmaslik – ilm-fanning kuchidir. Hatto dalillar aniq bir yo‘nalishni ko‘rsatib tursa ham, olimlar baribir izlanishda davom etadi va 100 foiz aniqlikni da’vo qilmaydi, o‘z navbatida, o‘z dalillarini haddan tashqari kuchli himoya qilishadi. Masalan, yonilg‘ilarning ishlatilishi sabab iqlim o‘zgarib borayotgani haqida ko‘p faktlar mavjud. Lekin siyosatchilar xuddi kinodagidek «Keling, kutaylik va aniqroq ko‘raylik», deya masalalarni chetga surishmoqda.

Olimlar ma’lum qiladigan tashvishli faktlarni odamlar qabul qilishi qiyin

Kinoda kometa odamlarga ko‘rina boshlagach, «Yuqoriga qaramang» degan shiorlar bilan turli tadbirlar, mitinglar siyosatchilar tomonidan odamlarni chalg‘itish, olimlarga emas o‘zlariga ko‘proq ishonishga undash uchun o‘tkaziladi. Prezident va uning jamoasi odamlarni tepaga qaramaslikka, astronomlar esa tepaga, osmonga qarashga chaqiradi.

Iqlim masalasida ham xuddi shunday: odamlarga ko‘proq ma’lumot berilsa, ular chalg‘itilmasa, olimlarni qabul qila olishadi. Faqat ularga voqealardan xabardor bo‘lish uchun ko‘proq imkon berish kerak. 2021 yilda o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotga ko‘ra, 80 foiz odam iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun hayot va ish tarzini o‘zgartirishga xohish bildirgan.

Texnologiyalar biz harakat qilmasak ham, bizni asrab qola oladi

Lekin filmda unday emasligi ko‘rsatiladi. Prezident astronomlarga emas, dunyoning eng boy odamlaridan biri, hukumatga yaqin shaxs Piter Ishervell taklif qilgan texnologiya asosida kometani yo‘q qilishga urinib ko‘radi va hammasi barbod bo‘ladi.

Odamlarning haqiqatga emas, o‘zlari umid qilgan narsaga ishonishlari real hayotda bor holat.

Foto: Netflix

Masalan, uglerodni tutib qoluvchi texnologiya insoniyatni iqlim o‘zgarishlari ta’sirlaridan himoya qiladi, degan ishonch (turmush tarzida, ish jarayonida va siyosiy darajada hech qanday harakat qilmasdan) haqiqatdan ko‘ra umidga ko‘proq yaqin bo‘lishi mumkin. Albatta, texnologiyalar iqlim muammolariga qarshi kurashda yordam beradi, biroq natija kutilganiday tez bo‘lmasligi mumkin.

Iqtisodiyot – hamma narsadan muhim

Iqlim muammolarini hal qilish, o‘zgarishlarni sekinlashtirish uchun choralar ko‘rish iqtisodiyot uchun qimmatga tushishi mumkin, biroq shu sabab uchungina harakatlarni boshlamaslik, iqtisodiyotni ko‘proq o‘ylash xuddi kinodagidek favqulodda yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.

Qilinadigan harakatlar odamlar mansub bo‘lgan siyosiy guruhlarga mos bo‘lishi kerak

Rivojlangan davlatlarda ko‘pincha odamlar turli siyosiy qutblarga mansub va ular turli masalalarda o‘zlari mansub bo‘lgan guruh kayfiyatiga qarab harakat qilishadi. Biroq yirik xavflar, ekologik ofatlar, pandemiyalar odamlarning siyosiy qarashlariga qarab o‘tirmaydi, ular hammaga birday zarar yetkazaveradi. Koronavirus pandemiyasi davrida ham insoniyat buning isbotini ko‘rdi.

Kino qahramonlari real hayotda mavjudmi?

Kinodagi obrazlarni hayotdagi haqiqiy shaxslar sifatida ham talqin qilishmoqda.

Masalan, doktor Mindi – real hayotda Di Kaprioning o‘zi. Di Kaprioni ekofaol sifatida jahon hamjamiyati yaxshi taniydi.

Uning assistenti Keyt esa Greta Tunberg bo‘lishi mumkin. Keyt Gretaning aynan aksi emas, lekin ularning xarakterlarida ko‘p parallellar mavjud. Keyt dunyo taqdiriga juda tashvishlanib qaraydi va boshqalardan ham shuni kutadi, jiddiy qabul qilishmaganda g‘azablanadi, odamlar esa uni memga aylantirishadi.

2018 yilda ilk chiqishlari bilan tanilgan Gretani ham odamlar shunday kutib olishgan edi.

Texnologiya magnatlaridan biri, film boshida daho inson sifatida tasvirlangan Piter Ishervelni Ilon Mask, Mark Tsukerberg, Jyeff Bezos kabi milliarderlarga o‘xshatish mumkin. Milliarderlar iqlim muammolaridan ko‘ra boylikni birinchi o‘ringa qo‘ygani, kosmos parvozlariga qiziqqani uchun doimiy tanqidlarga uchrab keladi.

Prezident Jyeni Orlean esa sobiq prezident Donald Trampning karikaturasi. Uning astronomlar aniq xavfni aytishsa ham, inkor qilgan holda fanni o‘ziga moslashtirib, «Yuqoriga qaramang» deya ommaviy mitinglarda hayqiriqlar uyushtirishi xuddi Trampning faoliyatini eslatadi. Tramp koronavirus pandemiyasi boshlangan davrda aytilgan faktlarni jiddiy qabul qilmaslikda ayblanadi.

Umumiy muammo aksi

«Yuqoriga qaramang» filmi voqealari garchi bizdan butunlay farqli bo‘lgan madaniyat odamlari bilan sodir bo‘lsa ham, ko‘p holatlarda unda o‘zimizga taalluqli muammolar va holatlarni ham ko‘rish mumkin. Masalan, odamlar juda jiddiy va o‘zlariga xavf solib turgan ilmiy muammodan ko‘ra taniqli qo‘shiqchining shaxsiy hayotidagi voqeaga ko‘proq qiziqadi.

Agar kinoga iqlim muammolarining satirasi, degan tahlillar nuqtayi nazaridan qarasak, unda aks etgan mavzuni hamma uchun dolzarb deb qabul qilish mumkin. 

Masalan, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishidan ko‘proq zarar ko‘radigan hududda joylashgan bo‘lsa-da, hali odamlar iqlim muammolari haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rishni boshlagani yo‘q. So‘nggi paytlarda global harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yorlardan 1 daraja isigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo 2 darajaga isidi. O‘zbekistonda harorat global miqyosdagidan ko‘ra tezroq ko‘tarilgan va bu davom etadi.

«Yuqoriga qaramang» filmidagi kabi kometani o‘zimiz osmondan ko‘rmagunimizcha hech narsani sezmasdan yashayversak, oqibati nima bo‘lishi haqida o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli...

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Mavzuga oid