23:34 / 10.02.2022
27012

"Lavrov Ukraina haqida gapirayotgandek tuyuldi". Britaniya tashqi ishlar vaziri Rostov va Voronej to‘g‘risidagi so‘zlariga izoh berishga majbur bo‘ldi

Liz Trass va Sergey Lavrov / Foto: Reuters

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass Moskvada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv chog‘ida adashib gapirgani uchun izoh berishiga to‘g‘ri keldi. Rossiya OAVning yozishicha, Trass Voronej va Rostov oblastlarini Ukrainaga tegishli deb hisoblab xatoga yo‘l qo‘ygan.

Payshanba kuni Britaniya Forin-ofisi rahbari Ukraina bilan chegaradagi vaziyatni Lavrov bilan muhokama qilish uchun Moskvaga keldi. 

TASS agentligi va "Kommersant" gazetasi manbalarining aytishlaricha, Trass Lavrov bilan suhbat chog‘ida rossiyalik harbiylarni Ukraina chegarasidan olib ketish zarurligini aytgan. Lavrov Rossiya askarlari o‘z hududlarida ekanligini aytib javob qaytargan.

Ta’kidlanishicha, shundan so‘ng rossiyalik vazir: "Axir Rossiyaning Rostov va Voronej oblastlari ustidan suverenitetini tan olasizmi?" deb so‘ragan. "Buyuk Britaniya Rossiyaning bu oblastlar ustidan suverenitetini hech qachon tan olmaydi", - deya Forin-ofis rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Rossiya OAV.

"Kommersant"ning ma’lumot berishicha, shunda Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchisi Debora Bronnert vazirga gap aynan Rossiya oblastlari haqida borayotganini anglatgan.

Bu xabar internetda tarqalganidan ko‘p o‘tmay, Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Rossiya OAVdagi xabarlar na tasdiqlangan, na rad etilgan izohni joylashtirdi.

"[Buyuk Britaniya tashqi ishlar] vaziri [RBK] nashriga bergan intervyusida: "Vazir Lavrov Ukrainaning bir qismi haqida gapirayotgandek tuyuldi. Men bu oblastlar [Rostov va Voronej] suveren Rossiyaning bir qismi ekanligini qayd etdim", - deyiladi diplomatik vakolatxonaning "Tvitter"dagi sahifasida.

"Kar bilan soqovning suhbati"

Sergey Lavrov Liz Trass bilan suhbatni beqiyos deb atadi, ammo britaniyalik hamkasbi bilan suhbatda hech qanday yangi gap eshitmaganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida ikki soat davom etgan muloqot chog‘ida Britaniya Rossiya qo‘shinlarini o‘zining hududidan olib chiqib ketishi kerakligini qayta-qayta talab qilgan va uning javoblarini tinglamagan.

“Rostini aytsam, kar bilan soqov suhbatlashgandek bo‘lgani hafsalamni pir qildi. Go‘yoki quloq solayotgandekmiz, lekin hech narsani eshitmayapmiz”, — dedi Lavrov.

"Suhbatimiz vaqtida aniq soqov emasdim, - deya e’tiroz bildirdi Trass. – Men Buyuk Britaniyaning vaziyat bo‘yicha tutgan pozitsiyasini aniq bildirdim. Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarining oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz".

Buyuk Britaniya Ukrainaning Rossiyaga qarshi turishi uchun eng katta yordam berayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. London Kiyevga tankka qarshi raketa majmualarini jo‘natmoqda hamda Ukrainaga qarshi tajovuz davom etgan taqdirda Rossiyaga qarshi keskin iqtisodiy sanksiyalar kiritilishi bilan tahdid qilmoqda.

Mavzuga oid:

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top