Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘iston va Namanganda fuqarolarga qisqa muddatda haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan o‘rgatuvchilar ushlandi
Qoraqalpog‘istonda ikkita, Namanganda bitta holatda fuqarolarga qisqa muddatda haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan o‘rgatuvchilar ushlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Yangi Namangan tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Vatanparvar” tashkilotining Namangan viloyati texnik va amaliy sport turlari markazi o‘rgatuvchi ustasi X.M. fuqaro A.ga 600 AQSh dollari evaziga 15 kunda “B”, “C” toifadagi haydovchilik guvohnomasini o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berishni va’da qilib, 300 dollar va 3 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Xo‘jayli tuman bo‘limi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Vatanparvar” tashkilotining Xo‘jayli tumani kengashi o‘rgatuvchi ustasi G.U. va fuqaro Yu.B.lar fuqaro S.ga haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 1,9 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan DXX hamda IIV bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Q.A. fuqaro A.ga go‘yoki YHXBda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 3 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin, Sirdaryoda va Surxondaryoda fuqaroga 15 kun muddatda “prava” olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangandi.
Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev avtomaktablar bo‘yicha bosh prokuror va vazirlarga topshiriqlar bergandi.
26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident yo‘l harakati qoidalari buzilishi va avariya holatlari keskin oshayotganiga e’tibor qaratdi. Prezident haydovchilik guvohnomasi olishda poraxo‘rlik odatiy holga aylanganini tanqid qildi.
“Shu o‘rinda, bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Mana biz o‘qiganmiz, uch yil o‘qitardi. Hozir 3 oy o‘qiyapti, yana bormasdan guvohnoma olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi? Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Agar biz o‘zimiz tan olmasak, chora ko‘rmasak, davom etaveradi.
Bu muammoni bartaraf qilish uchun, Davletov, Bobojonov, Yo‘ldoshev, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish «jinoyati»ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha, bir oy muddatda qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan takliflarini berishsin”, dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
15:13 / 15.06.2026
Namanganda ta’lim tizimi mansabdori tezkor tadbirda qo‘lga olindi
17:37 / 04.06.2026
Namanganda tergovchi va advokat pora bilan ushlandi
10:59 / 20.05.2026
Namanganda atrofi ochiq holatda turgan transformator ustiga chiqqan bola tok urib vafot etdi
08:24 / 20.05.2026