O‘zbekiston | 20:18 / 23.02.2022
7868
4 daqiqa o‘qiladi

«2021 yilda portlagan 16 ta mashinaning 12 tasida gaz ballon 7-12 yil oldin o‘rnatilgan» – vazir o‘rinbosari

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning ta’kidlashicha, avtomobillarga gaz ballonlarini o‘rnatish, ularga xizmat ko‘rsatish jarayonida texnik reglament va davlat me’yorlariga rioya qilinishini ta’minlash uchun nazorat organlarida yetarli darajada vakolat yo‘qligi fojialarning oldini olishga imkon bermayapti.

Vazir o‘rinbosari 2022 yilning yanvar oyida 35 ta gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘tkazilgan tekshiruvlarda umumiy texnik reglament va davlat me’yorlariga rioya qilinmagan 233 ta kamchiliklar aniqlangani, shu bois to ularni bartaraf etmaguncha, 12 ta shoxobchaning faoliyati 10 kunga to‘xtatib qo‘yilganini ma’lum qildi.

«Texnik reglamentni buzgan holda noqonuniy ravishda gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazayotgan 4 ta yuridik shaxs aniqlanib, bu haqda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda tergov idoralariga taqdim etildi.

Avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bilan bog‘liq noxush holatlarning aksariyati gaz to‘ldirish shoxobchalarida yoki u yerdan chiqqan vaqtda sodir bo‘lmoqda. Shu bilan birga noxush holatlarning kelib chiqishiga gaz to‘ldirish shoxobchalarining o‘z manfaatlarini ko‘zlab, ko‘proq daromad olish maqsadida ballonlarga me’yoridan ortiq (200 atmosfera bosimidan ziyod) gaz to‘ldirish, gaz uskunalari o‘rnatuvchi va texnik sinovdan o‘tkazuvchi tashkilotlar tomonidan tegishli reglament talablariga rioya etilmagani sabab bo‘lmoqda

2021 yilda avtomobillarga o‘rnatilgan 16 ta gaz balloni portlagan. Portlashlarning 12 tasi ballonlardan 7–2 yilgacha bo‘lgan muddat davomida foydalanib kelinayotgani oqibatida sodir bo‘lganini ko‘rsatmoqda», – deydi Bekmurod Abdullayev.

Vazir o‘rinbosari avtomobillarga gaz ballonlarini o‘rnatish, almashtirish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida texnik reglament va davlat me’yorlariga rioya qilinishini ta’minlash uchun nazorat organlarida yetarli darajada vakolat yo‘qligi, shu sababli fojialarning oldini olish imkoni bo‘lmayotganini aytmoqda.

Bekmurod Abdullayev, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari. Foto: Kun.uz

“Texnik reglament talablarini buzish holatlari yuzasidan gaz quyish shoxobchalarida hamda gaz ballon uskunalarini o‘rnatuvchi va texnik sinovdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga keskin choralar ko‘rish uchun nazorat qiluvchi organlarning vakolati cheklangan. Korxona va tashkilotlarning gaz ballon o‘rnatilgan transport vositalari xavfsizligini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha elektron tizim mavjud emas. Tashkilotlarda gaz ballonlari texnik sinovdan o‘tkazilgan avtomobillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanmaydi va xizmat ko‘rsatish jarayoni ustidan umuman nazorat o‘rnatilmagan.

Gaz quyish shoxobchalarida gaz ballonlariga me’yordan ortiq, ya’ni 200 o‘rniga 230, hatto 250 gacha atmosfera bosimida gaz bilan to‘ldirib berilmoqda. Bundan tashqari, gaz quyishda avtomobilning gaz ballonida muhr mavjudligi va gaz uskunasi texnik talablarga javob berishi haqida hujjatlar borligi tekshirilmayapti. Buning natijasida fuqarolar o‘rtasida shaxsiy avtomobillariga qo‘lbola ravishda gaz ballon o‘rnatish holatlari ko‘payib bormoqda. Shu yil yanvar oyida Andijon viloyatida mashinaga qo‘lbola usulda o‘rnatilgan gaz ballon portlashi oqibatida bir kishi hayotdan ko‘z yumdi”, – deydi Bekmurod Abdullayev.

Avvalroq, Senat raisi Tanzila Norboyeva so‘nggi uch yilda gaz ballon bilan jihozlangan 34 ta transport vositasi portlagani, 23 kishi halok bo‘lgani va 18 kishi og‘ir jarohat olganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid