O‘zbekiston | 20:04 / 23.02.2022
9886
5 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi Statqo‘m va IIV ma’lumotlari bir-biriga mos emasligini tanqid qildi. Qo‘mita raisining matbuot kotibi holat bo‘yicha izoh berdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Davlat statistika qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligining yo‘l-transport hodisalari oqibatida yuz bergan insonlar o‘limiga doir ma’lumotlari bir-biriga to‘g‘ri kelmayotganini tanqid ostiga olgan, har ikki idora bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirishi kerakligini ta’kidlagandi.

“Yo‘l transport hodisasi natijasidagi o‘lim degan indikator bor. Davlat statistika qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligining mana shu indikator bo‘yicha ko‘rsatkichlari bir-biridan farq qilmoqda. IIV YTH oqibatida o‘lim holatlari 23 foizga ortgan, deyapti.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotida ushbu o‘lim holatlari 2019 yilda 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa,  2020 yilda bu ko‘rsatkich 5,7 foizgacha kamaygan deyilyapti. Nima uchun statistik ma’lumotlarda bunaqangi nomutanosibliklar mavjud?” deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat statistika qo‘mitasi raisining iqtisodiy statistika bo‘yicha o‘rinbosari A’zam Ikromov yo‘l-transport hodisalari va ular natijasida yuzaga keladigan o‘lim holatlari haqidagi statistika rasmiy ma’lumotlardan olinishini ta’kidlagan.

A’zam Ikromov, Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari. Foto: Kun.uz

“Ikkita vazirlik kelishib olinglar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘rsatkichlarni Statistika qo‘mitasidan oladi. Shunga asosan, ular o‘z hisobotlarida O‘zbekistonda YTH oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichlari pasayib boryapti, deb ko‘rsatadi. Statistik ma’lumotlar bo‘yicha doim qiynalamiz. Chunki bizning statistik ma’lumotlar hali xalqaro standartlar darajasiga yetishiga ancha bor. To‘g‘ri, bu borada katta ishlar qilinyapti, buni inkor qilmoqchi emasmiz. Vaziyat to‘g‘ri baholanishi uchun ma’lumotlarni kelishib olishinglar kerak. Xalqaro normalarga muvofiqlashtirish kerak. IIV ham bitta standart bo‘yicha hisoblasin, qo‘mita ham. Ma’lumot ikki xil bo‘lishi kerak emas”, deya ta’kidlagan Senat raisi.

Davlat statistika qo‘mitasi raisining matbuot kotibi Usmon Abdurasulovning ta’kidlashicha, ma’lumotlar ikki xil emas, bir xil. U, qo‘mita sohalar bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni hisoblashda rasmiy idoralar, bu o‘rinda IIV tomonidan beriladigan rasmiy ma’lumotlarga asoslanishini, Senat raisiga turli yillardagi hisobot topshirilgani tushunmovchilikka sabab bo‘lganini aytmoqda.

“2020 yil ommaviy lokdaun bo‘lgani hisobiga mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalari soni ham, ular bilan bog‘liq o‘lim ko‘rsatkichlari ham 2019 yildagiga nisbatan kamaygan. Bu, albatta, statistik ko‘rsatkichlarda ham aks etgan. Senatda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda IIV tomonidan 2021 yilga oid ma’lumotlar taqdim etilgan. Hali vazirlik bu ma’lumotlarni bizga taqdim etgani yo‘q.

Senat raisining so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichlari oshgan. Qo‘mitamiz tomonidan Senatga taqdim etilgan ma’lumotlar 2020 yilniki va unda ushbu ko‘rsatkich kamaygani ko‘rsatilgan. Bu yerda hech qanday yolg‘on yo‘q. Biz bu ma’lumotlarni osmondan olganimiz yo‘q. Tegishli davlat organlari bergan rasmiy ma’lumotlarga tayanamiz”, deydi Usmon Abdurasulov.

Avvalroq senator Qutbiddin Burhonov yo‘llardagi ta’mirlash ishlari sabab yuz bergan YTHlar bo‘yicha Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar bir-biriga zidligi, Senat raisi Tanzila Norboyeva esa ayrim jinoyatlar statistikasi sun’iy ravishda kamaytirilayotganini tanqid qilgandi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi 2021 yil noyabr oyigacha respublika yo‘llarida jami 7681ta YTH ro‘y bergani, ularda 1964 kishi hayotdan ko‘z yumgani, 6886 kishi turli darajada tan jarohati olganini ochiqlagandi.

Tanzila Norboyeva 2019 yilgi yo‘l-transport hodisalari oqibatida fuqarolarning halok bo‘lishi reytingida O‘zbekiston 179ta mamlakat orasida 117-o‘rinni egallagani, halok bo‘lish darajasi har 100 ming nafar fuqaroning 11,7 foizini tashkil etganini aytgandi.

Mavzuga oid