O‘zbekiston | 22:31 / 05.03.2022
15718
2 daqiqa o‘qiladi

Homilador ayolini Katta Farg‘ona kanaliga itarib yuborgan erkak 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: KUN.UZ

Farg‘onada homilador ayolini Farg‘ona kanaliga itarib yuborgan erkakka nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan jazo tayinlandi.

Bu haqda Farg‘ona viloyat sudlarining Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, oiladagi kelishmovchilik sabab ayol janjallashib onasining uyiga ketgan. Ayolining ortidan borgan erkak ijara uyiga olib ketishini aytib, turmush o‘rtog‘ini kanal bo‘yiga boshlab borgan. Kutilmaganda rafiqasini suvga itarib yuborib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Cho‘kayotgan ayolni ko‘rib qolgan fuqarolardan biri uni qutqarib qolgan.

Qidiruv harakatlaridan so‘ng qo‘lga olingan ayolning turmush o‘rtog‘i N.J. ustidan sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilgan. N.J. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor deb topilib, unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Farg‘ona viloyati Rishton tumanida oilaviy kelishmovchilik sabab ikki qizi bilan uydan chiqib ketgan ona qidirilayotgani, kichik qizining jonsiz tanasi Katta Farg‘ona kanalidan topilgani haqida xabar qilingan edi.

Сарвар Зияев
Tayyorlagan Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid