«Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasidan ayrim mahsulotlar reklamasiga cheklov olib tashlangani ma’lum bo‘ldi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori o‘rinbosari A’zam Qurbonov “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri bo‘yicha Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.
A’zam Qurbonovga ko‘ra, qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rilayotganda loyihaga nisbatan jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olingan.
“Masalan, amaldagi qonunda televideniye va radioda reklama vaqti efir vaqtining 10 foizi miqdorida cheklangan bo‘lsa, endilikda bu ikki baravarga oshirilmoqda. Bu soha mutaxassislari, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijlik mutaxassislarning fikrlaridan kelib chiqib belgilandi”, - deydi agentlik rasmiysi.
Uning ma’lum qilishicha, qonun loyihasining dastlabki variantida tarkibida qand, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar reklamasiga nazarda tutilgan cheklov chiqarib tashlangan.
“Bu bo‘yicha talab prezidentning 2020 yildagi PQ-4887-sonli qaroriga asosan qonun loyihasiga kiritilgandi. Ammo bugungi kunda bizda ushbu sohani tartibga soluvchi normativ hujjatlar hali to‘laqonli ishlab chiqilmaganligi, vakolatli organlarning texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlari hali moslashtirilmagani nuqtai nazaridan ham ushbu norma chiqarib tashlandi. Ya’ni faqatgina reklamani cheklab qo‘yishmas, oldin sohani tartibga soluvchi hujjatlar qabul qilinganidan keyin bu normaning kiritilishi maqsadga muvofiq deb topildi va bu oxirgi tahrirda chiqarib tashlandi”, - deydi direktor o‘rinbosari.
A’zam Qurbonov qonunga reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun kiritilgan sanksiyalar bitta huquqbuzarlik uchun ikki marta jazolanishga sabab bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Taklif etilayotgan yangi tahrirdagi qonunda ijtimoiy jihatdan eng xavfli oqibatlarga olib keladigan holatlar uchun sanksiyalar nazarda tutilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-1-moddasida esa ma’muriy huquqbuzarlik sifatida vakolatli organga ma’lumot taqdim etmaslik, yashirin reklama kabilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Amaliyotda ko‘ryapmizki, bir yil ichida sohada 15 mingdan ortiq qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bir sub’yekt tomonidan bir necha marta qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilishi holatlari ham mavjud. Shu nuqtai nazarda ta’sir chorasi kuchliroq – BHMning 30 baravaridan 100 baravarigacha etib belgilangan. Lekin bitta huquqbuzarlik uchun ikkita javobgarlik kelib chiqmaydi. Masalan, giyohvand moddani reklama qilganlik uchun yoki pornografiya deb alohida-alohida aynan nimalar uchun sanksiya qo‘llanishi ko‘rsatilgan”, - dedi A’zam Qurbonov.
2021 yil may oyida Qonunchilik palatasida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgach, loyihadagi ko‘plab normalar ommaviy axborot vositalari daromadining keskin kamayishiga, tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlarini realizatsiya qilishda jiddiy muammolarga duch kelishi mumkinligi, reklama sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilayotgani esa huquq tizimimiz uchun nonsens ekani ta’kidlangandi.
Mavzuga oid
09:43 / 14.11.2024
Qonuniy tashqi reklama konstruksiyasi noqonuniy buzilganda biznes-ombudsmanga xabar berish mumkin
12:28 / 11.11.2024
Toshkentda noqonuniy tashqi reklamalarni olib tashlash bo‘yicha reyd o‘tkazildi
16:06 / 08.11.2024
“Biologik faol qo‘shimchalar reklamalarida 328 ta qonunga zid holat aniqlandi” – Raqobatqo‘m
21:02 / 05.11.2024