O‘tgan bir yil ichida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qanchaga qimmatlashdi?
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yil ichida suyakli mol go‘shti 9 foizga, kungaboqar yog‘i 26,4 foizga, paxta yog‘i 27 foizga, shakar narxi esa 22,7 foizga qimmatlashgan.
O‘tgan bir yil davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga inflatsiya qay darajada ta’sir ko‘rsatdi? Kun.uz Statistika qo‘mitasi taqdim qilgan ma’lumotlar asosida narxlar o‘zgarishini tahlil qilib chiqdi.
Suyakli mol go‘shti
Qayd etilishicha, suyakli mol go‘shti 2021 yilning fevral oyiga nisbatan 9 foizga qimmatlashgan.
Statqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 2 mart holatiga suyakli mol go‘shtining 1 kilogrammi respublikaning markaziy bozorlarida 45-68 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra esa, markaziy bozorlardagi 1kg go‘sht narxining o‘rtacha bahosi 60-70 ming so‘m atrofida.
Ma’lumot uchun, 2021 yil davomida O‘zbekistonga 188 million dollar qiymatidagi (2020 yilga nisbatan o‘sish 84 foiz) go‘sht mahsulotlari (tovuq go‘shti) import qilingan.
Qo‘y go‘shti
Qo‘y go‘shti 2021 yilning fevral oyiga nisbatan 8,4 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyiga nisbatan 0,2 foizga arzonlashgan. Statqo‘mning oxirgi ma’lumotlari bo‘yicha, bozorlarda qo‘y go‘shti 64-80 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra esa narxlar 66-80 ming so‘m atrofida.
Avvalroq, Markaziy bank ozuqa-yem zaxiralarining kamayishi sharoitida arpa, bug‘doy va boshqa chorva ozuqasi taklifining qisqarishi, bundan tashqari Qozog‘iston tomonidan yirik va mayda shoxli qoramollar eksportiga taqiqlar joriy qilinishi joriy yil davomida ichki bozorda go‘sht narxlarining qimmatlashishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ma’lumot bergandi.
Kungaboqar va paxta yog‘i
2021 yilning fevral oyiga nisbatan kungaboqar yog‘i 26,4 foizga, paxta yog‘i narxi esa 27 foizga oshgan. 7 mart holatiga ko‘ra, respublikaning markaziy bozorlarida 1 litr kungaboqar yog‘i 18-23 ming, 1 litr paxta yog‘i esa 15-19 ming so‘m oralig‘ida sotilayotgani qayd etilgan.
Shakar
Shakar narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan olinganda 22,7 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 1,5 foizga, joriy yilning yanvar oyiga nisbatan esa 0,5 foizga qimmatlashgan.
Joriy yilning 7 mart holatiga ko‘ra, respublikaning markaziy bozorlarida 1 kg shakar 9-10 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Guruch va bug‘doy uni
Yillik nisbatda guruch narxi 1,2 foizga arzonlashgan, bug‘doy uni esa 9 foizga oshgan. 2021 yilning dekabr oyidan beri esa guruch narxi 0,2 foizga pasaygan, bug‘doy uni 2,2 foizga qimmatlashgan.
2021 yilda O‘zbekistonga 616 million dollarlik bug‘doy (2020 yilga nisbatan o‘sish 10 foiz), 158 million dollarlik un va un mahsulotlari (o‘sish 19 foiz) import qilingan.
Tuxum va sut
O‘tgan yilning fevral oyidan beri tuxum 3,6 foizga, sut narxi esa 15,2 foizga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkichni 2021 yilning dekabr oyi bilan solishtirsak, tuxum narxi 2,9 foizga pasaygan, sut narxi esa 2,1 foizga oshganini ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, Markaziy bank o‘tkazgan tahlillarga ko‘ra, 7 mart holatida markaziy bozorlarda 1 kg olma 9-15 ming, 1kg kartoshka 4-5,5 ming, 1kg piyoz 2,5-4,5 ming, 1kg sabzi 1,5-3,5 ming, 1kg parranda go‘shti 20-28 ming, 1 kg birinchi navli bug‘doy uni 4-6,5 ming, non (obinon) – 2-3 ming, 1kg shakar 9-10 ming, 1 kg guruch 8-10 ming oralig‘ida sotilayotgani keltirib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyidagi ko‘rsatkichga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari sektoridagi inflatsiya darajasi 13,1 foizni tashkil qilmoqda.
Umumiy iste’mol sektoridagi inflatsiya darajasi esa rasman 9,7 foiz. 2021 yil yakunida yillik inflatsiya darajasi 8-9 foizga tushishi prognoz qilingandi.
Mavzuga oid
11:31 / 18.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda oziq-ovqat va asbob-uskunalar ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqyapti
07:31 / 12.11.2024
Oktyabrda ayrim avtomobillar narxi biroz pasaydi
15:24 / 07.11.2024
Birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
13:41 / 02.11.2024