O‘zbekiston | 21:07 / 09.03.2022
6366
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning 11 ta chorrahasida yo‘l o‘tkazish ko‘priklari quriladi

Shuningdek, mutasaddilarga yana 11 ta chorrahada piyodalar uchun yer ostidan yoki yer ustidan o‘tish joylari barpo etish topshirig‘i berilgan.

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining navbatdagi sessiyasida shahar YHXB boshlig‘i M.Soliyevning Samarqand shahrida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash borasida 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2022 yilda amalga oshiriladigan vazifalar to‘g‘risidagi axboroti tinglangan.

Axborotda keltirilishicha, Samarqand shahar hududida 2021 yilda 191 ta YTH sodir etilib, ularda 20 kishi halok bo‘lgan, 180 kishi turli darajadagi tan jarohati olib, shifoxonalarga yotqizilgan. 2020 yilning mos davriga solishtirganda YTHlar soni 46 taga, tan jarohati olganlar soni 39 nafar kishiga oshgan.

Deputatlar ushbu masala muhokamasiga jiddiy e’tibor qaratib, shaharda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli qarorni tasdiqlashgan.

Unga ko‘ra, mas’ullarga Gagarin ko‘chasini davom ettirib, M-37A Samarqand halqa yo‘li bilan bog‘lash, Shohi Zinda ko‘chasida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlarini imkon qadar qisqa muddatlarda oxiriga yetkazish, Gagarin ko‘chasini Amir Temur ko‘chasidan O‘zbekiston ko‘chasigacha bo‘lgan qismini kengaytirish topshirig‘i berilgan.

Bundan tashqari, M-39, A-377 va M-37A avtomobil yo‘llari hamda shaharning Ibn Sino-Dahbed, Rudakiy-Dahbed, Rudakiy-Gagarin, Mirzo Ulug‘bek-Gagarin, Amir Temur-Gagarin, Registon-Dahbed, Sadriddin Ayniy-Termiz, Sadriddin Ayniy-Panjakent, M-37A yo‘li-Zarafshon shohko‘chalari kesishgan, jami 11 ta chorrahada yo‘l o‘tkazish ko‘priklarini qurish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Registon maydoni hamda “Yoshlik” istirohat bog‘i oldida, Amir Temur-Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek-Alisher Navoiy, Universitet xiyoboni-Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek-Gagarin, Mirzo Ulug‘bek-Beruniy-Spitamen-Buyuk Ipak yo‘li, Rudakiy-Bo‘stonsaroy, Shohi Zinda-Dahbed, Gagarin-Navoiy, Gagarin-Amir Temur ko‘chalari kesishgan chorrahalarda, jami 11 ta joyda piyodalar uchun yer ostidan yoki yer ustidan o‘tish joylari barpo etish topshirig‘i berilgan.

Shu bilan birga, M-39, M-37 hamda M-37A xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarining aholi yashash joylarida 4 dona tezlikni o‘lchovchi radar o‘rnatish, shahar hududida joylashgan maktab va bog‘chalar oldida transport vositalarning tezligini cheklash uchun zamonaviy yo‘l belgilari hamda davlat standartlari asosida sun’iy notekislik bilan jihozlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifalari belgilangan.

Mavzuga oid