Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Administratsiya va hukumatga ochiqlik normalarini buzayotgan tashkilotlar bo‘yicha ma’lumot kiritildi - Akmal Burhonov
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga 2021 yil davomida ochiqlikka doir qonunchilik talablarini muntazam ravishda buzib kelgan 10 dan ortiq davlat organlari yuzasidan taklif-ma’lumotlar kiritgan. Ularning orasida vazirlik va hokimliklar ham bor.
Bu haqda 10 mart kuni Jamoatchilik kengashi oldida hisobot bergan agentlik direktori Akmal Burhonov ma’lum qildi.
“Albatta, bizga ochiqlikka doir farmon talablarini doimiy ravishda buzayotgan amaldorlarga oid ma’lumotlarni Prezident administratsiyasi va hukumatga kiritish vazifasi qo‘yilgan edi. Biz 2021 yil yakunlari bo‘yicha yanvar oyining oxirida hukumatga – bosh vazir nomiga ham, Prezident adminstratsiyasiga ham kiritdik. Lekin, bu amaliyot yangi joriy etilayotgani va ko‘pchiligi [farmon talablarini] 2021 yil 1 oktyabr va 1 dekabrdan kuchga kirgani uchun biz ma’lumot tariqasida kiritdik.
Menimcha, hali 3 yoki 4 oy bo‘lmasdan, qisqa muddatda qanaqadir javobgarlik masalalarini ham hal qilish noto‘g‘ri bo‘lardi. Agentlik sifatida ham… Lekin, biz ma’lumotni muntazam ravishda kiritib borish amaliyotini joriy qilamiz. Men sizni ishontirib aytaman, mana shu chorak yakunlari bo‘yicha ham administratsiya va hukumatga kiritib, agar chora ko‘rilsa natijalarini jamoatchilikka e’lon qilamiz.
Shuningdek, biz muntazam ravishda [ochiqlikka doir farmon talablarini] buzayotgan amaldorlar haqida ma’lumot kiritganimizda administratsiyaga ham hukumatga javobgarlik masalasini tezlashtirish bo‘yicha taklif berdik. Buni biz tezlashtirmas ekanmiz, bu muntazamlik kasb etaveradi, degan masalani qo‘ydik.
Balki, bu birinchi kiritgan ma’lumotlarimiz bo‘yicha ham chora ko‘riladigan bo‘lsa, buni ham jamoatchilikka e’lon qilamiz”, – deya Akmal Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Agentlik direktori mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi yig‘ilishida batafsil hisobot berishini ma’lum qildi.
2021 yil iyunida “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolangan edi. Ushbu farmon asosida davlat tashkilotlari tomonidan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik 33 xil toifadagi ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan.
Shuningdek, farmon bilan ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish vazifasi yuklatilgan.
Mavzuga oid
14:17 / 25.03.2026
Hokimlarning budjet ochiqligi bo‘yicha majburiyati kuchaytirildi
18:45 / 15.01.2026
O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi nima qilmoqchi? Yangi choralar tasdiqlandi
17:48 / 27.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: “Ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz”
13:29 / 25.12.2025