Jahon | 08:03 / 12.03.2022
20841
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ovoz berish boshlandi

Turkmanistonda ertalab soat 7:00 dan mamlakatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari uchun saylov uchastkalari ochildi, prezidentlikka to‘qqiz nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda.

Foto: turkmenportal

Respublikada ovoz berish uchun 2,5 mingdan ortiq saylov uchastkasi tashkil etildi. Yana 41 ta uchastka 30 ta xorijiy davlatda ish boshladi.

Saylov uchastkalarida ovoz berish Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasining saylav.gov.tm sayti orqali onlayn translatsiya qilinadi. Saylov jarayoni milliy televideniye va radio orqali ham jonli efirda yoritiladi. 

Ovoz berish jarayonini 2 726 nafar milliy kuzatuvchi kuzatib bormoqda. Bundan tashqari, Turkmaniston tomonining taklifiga binoan mamlakatga MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, bir qator qo‘shni davlatlardan kuzatuvchilar missiyalari yetib kelgan. 

Saylov uchastkalari 19:00 gacha ishlashni davom ettiradi, shundan so‘ng ovozlarni sanash boshlanadi. 

Turkmaniston milliy qonunchiligida prezidentlik saylovlarida fuqarolarning ishtiroki miqdori bo‘yicha chegara belgilanmagan. 

Respublika Saylov kodeksiga muvofiq, saylovchilar sonining 50 foizdan ortiq ovozini olgan nomzod saylovda g‘olib deb topiladi. 

11 fevral kuni bu lavozimda 15 yil ishlab kelgan amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhammedov mamlakat Xalq maslahati (parlament yuqori palatasi)ga raislik lavozimini saqlab qolgan holda, prezidentlikni yosh rahbarga topshirish niyati borligini ma’lum qildi. 

MSK Turkmaniston prezidentligiga to‘qqiz nafar nomzodni ro‘yxatga oldi. Nomzodlar orasida amaldagi prezidentning o‘g‘li, Turkmaniston Demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Sardor Berdimuhammedov ham bor. 

Turkmanistonda avvalgi prezidentlik saylovlari 2017 yilda bo‘lib o‘tgan. 

Mavzuga oid