O‘zbekiston | 14:06 / 14.03.2022
8325
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chki xavfi yuzaga kelgani uchun Jizzax viloyatidagi muhim avtomobil yo‘li vaqtinchalik yopildi

Jizzax shahrini M-39 xalqaro avtomobil yo‘li va G‘allaorol tumani bilan bog‘lovchi 4R-38 Uchtepa-Jizzax-G‘allaorol avtomobil yo‘lida ko‘chki xavfi yuzaga kelgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 14 mart kuni soat 11:00 dan Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidan o‘tuvchi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-38 Uchtepa-Jizzax-G‘allaorol avtomobil yo‘li transport vositalarining harakati uchun vaqtincha yopilgan.

Bunga sabab, mazkur avtomobil yo‘lining 43-44-kilometrida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida ko‘chki xavfi yuzaga kelgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

«Ayni daqiqalarda viloyat FVB tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda geologik xavfni bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘lning qayta ochilishi bo‘yicha Jizzax viloyati FVB axborot xizmati qo‘shimcha ma’lumot taqdim etadi», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 4R-38 Uchtepa-Jizzax-G‘allaorol avtomobil yo‘li O‘zbekistondagi muhim avtomobil yo‘llaridan biri hisoblanadi. 

M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining G‘allaorol va Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan dovon qismida yurishga ruxsat berilmaydigan transport vositalari asosan shu yo‘l orqali harakatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 12 mart kun kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Qamchiq dovonidan o‘tgan avtomobil yo‘li ko‘chki xavfi tufayli yopilib, o‘sha kuni qayta ochilgandi.

Shuningdek, 2022 yil 13 mart kuni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini o‘zaro bog‘lovchi Taxtaqoracha dovonidagi yo‘lning bir qismi o‘pirilishi oqibatida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangandi.

Mavzuga oid