O‘zbekiston | 19:01 / 27.03.2022
18749
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada taqiqlangan ijtimoiy tarmoqlar, Samsung’ning yangi smartfonlari - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlangan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Foto: AP

Rossiyada Facebook va Instagram faoliyati taqiqlandi

Moskvaning Tver sudi Rossiyada Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari faoliyatini taqiqladi.

Avvalroq, Rossiya bosh prokuraturasi ushbu tarmoqlarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasini ekstremistik tashkilot deb topishni so‘rab sudga murojaat qilgandi.

Prokuraturaning qayd etishicha, Instagram yolg‘on ma’lumotlarni o‘chirib tashlash bo‘yicha 4,6 mingdan ortiq talabni bajarmagan.

Eng qiziq jihati, sud qarori Meta kompaniyasi egalik qiluvchi WhatsApp messenjeriga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, kompaniya ijtimoiy tarmoqlaridan mamlakatda foydalanganlik uchun ham javobgarlik ko‘zda tutilmagan.

Shuningdek, 6 mart kuni Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan Netflix platformasi o‘z ilovasini rossiyaliklar uchun App Store va Google Play’dan olib tashlagan.

Foto: Samsung

Samsung’ning yangi Galaxy A33, Galaxy A53 va Galaxy A73 smartfonlari

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Android 12 operatsion tizimida ishlaydigan A seriyasidagi yangi Galaxy A33, Galaxy A53 va Galaxy A73 smartfonlarini namoyish etdi. Galaxy A33 6,4 dyuymli, Galaxy A53 6,5 dyuymli, Galaxy A73 esa 6,7 dyuymli Full HD+ (1080 x 2400 piksel) Super AMOLED ekranlar bilan jihozlangan va Corning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan.

A33 13 MP va 48 MP, A53 32 va 64 MP, A73 esa 32 va 102 megapikselli old va orqa asosiy kameraga ega bo‘ladi.

Barcha smartfonlar bir xil quvvatga ega – 5000 mA/soat. Shuningdek, IP67 standarti bo‘yicha namlik va changdan himoyalanish xususiyati ham mavjud.

Yangi smartfonlar 6 GB va 8 GB operativ xotira hamda 128 va 256 GB doimiy xotira bilan sotuvga chiqariladi. 

A33 va A53ʼga Samsung Exynos 1280 protsessori, A73'ga Qualcomm’ning Snapdragon 778G chipi o‘rnatilgan. Yangi gadjetlar sotuvi aprel oyidan boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Getty Images

 «Kasperskiy laboratoriyasi» AQSh'da qora ro‘yxatga tushdi

AQSh aloqa federal komissiyasi Rossiyaning «Kasperskiy laboratoriyasi» mahsulotlarini mamlakat milliy xavfsizligiga xavf soladigan sub’yektlar ro‘yxatiga kiritdi.

Shuningdek, ushbu ro‘yxatga China Telecom (Americas) Corp va China Mobile International USA Inc. kompaniyalari ham kiritilgan.

Avvalroq, Latviya avtotransport direksiyasi mamlakatda «Yandeks Taksi» servisi litsenziyasini to‘xtatish va Yandex Go mobil ilovasini bloklash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Bu servisning Rossiyadagi serverlar bilan ma’lumot almashishi, bu esa Latviya milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi bilan izohlangan.

Foto: NASA

Quyoshning yuqori aniqlikdagi suratlari

Yevropa kosmik agentligining NASA ko‘magida ishlab chiqilgan «Solar Orbiter» kemasi ekstremal ultrabinafsha nurlanishini o‘lchash asbobi yordamida Quyoshni tarixdagi eng yaqin masofa, 74 million kilometrdan suratga oldi.

Olingan tasvirlar Quyoshning magnit faolligini yaxshiroq tushunishga yordam berishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, «Solar Orbiter» uchuvchisiz kosmik kemasi 2020 yil fevral oyida AQShning Kanaveral stansiyasidan uchirilgan.

Foto: Global Look Press/Oliver Berg

 16 yoshli o‘spirin yigit Texogigant kompaniyalarga xakerlik hujumi uyushtirganlikda ayblanmoqda

Oksfordlik 16 yoshli yigit Lapsus$ kiberjinoyatchilik guruhi rahbarlaridan biri sifatida ayblanmoqda. «White» va «Breachbase» taxalluslari bilan mashhur bo‘lgan o‘smirning ismi va manzili sobiq biznes sheriklari bilan yuzaga kelgan nizo tufayli ommaga ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, uning hisobida 300 bitkoin yoki taxminan 14 million dollar(10,6 mln funt sterling) ekvivalentdagi mablag‘ bor.

Ma’lumot uchun, Lapsus$ guruhi Microsoft, Okta, Nvidia, Ubisoft, Samsung va Vodafone kabi kompaniyalariga amalga oshirilgan xakerlik hujumlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. 

O‘zbekistonda bloklangan tarmoqlardan biri ochildi

O‘zbekistonda Skype tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha cheklov olib tashlandi. Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, faoliyati cheklangan tarmoqlar reyestriga kiritilgan boshqa servislardan foydalanishni ham bosqichma-bosqich tiklash ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda reyestrda to‘rtta servis qolmoqda: Twitter, TikTok, «VKontakte» va WeChat.

O‘zbekistonda Skype messenjeridan foydalanish bilan bog‘liq muammolar 2015 yilda kuzatila boshlangandi.

O‘shanda o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari iyul oyi oxirlarida Skype messenjeri orqali video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishda muammolar yuzaga kelayotgani haqida gapirib o‘tgan. Matnli xabarlarda esa bu muammo kuzatilmagan.

Foto: Bild / Patrick Pleul

Tesla’ning Berlindagi gigafabrikasi

Berlin yaqinidagi Gryunxayde shahrida Tesla'ning Yevropadagi birinchi yirik zavodi ochildi. Ushbu zavod yiliga 500 ming donagacha elektromobil ishlab chiqaradi va 12 ming ish o‘rni yaratadi.

Birinchi bosqichda bu yerda ixcham Model Y krossoverlari ishlab chiqarilishi kuzda tutilgan.

Germaniyaning Center Automotive Research (CAR) ekspertlarining fikriga ko‘ra, 2022 yilda Germaniyadagi Tesla korxonasi kamida 100 ming avtomobil ishlab chiqaradi, 2023 yilda esa ishlab chiqarish keskin o‘sishi prognoz qilingan.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid